Germaniyaning Bavariya mintaqasida joylashgan Passau shahri va uning atrof hududlarida ichimlik suvida xavfli bakteriyalar — enterokokklar aniqlandi. Mazkur holat mahalliy aholini jiddiy tashvishga soldi, chunki ushbu bakteriyalar inson salomatligi uchun xavfli kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari tezkor tarzda aholiga murojaat qilib, suvni faqat qaynatib ichish tavsiyasini berdi. Bu eng oddiy, ammo samarali ehtiyot choralaridan biri bo‘lib, bakteriyalarni yo‘qotish va kasalliklar tarqalishini oldini olishda katta ahamiyatga ega.
Der Spiegel nashri yozishicha, hozirda suv ta’minoti tizimida keng ko‘lamli dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda suv xlor bilan tozalanmoqda. Mutasaddilar ma’lumoticha, sanitariya ishlari bakteriyalarni yo‘qotish va suvni qayta xavfsiz holatga keltirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, mahalliy aholiga qo‘yilgan cheklovlar qancha vaqt amal qilishini hozircha aniq aytib bo‘lmayapti. Muttaxassislar enterokokk bakteriyalari inson organizmida yurak ichki pardasining yallig‘lanishi (endokardit), siydik yo‘li infeksiyalari va boshqa jiddiy kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatmoqda.
Sog‘liqni saqlash xodimlari aholini hushyor bo‘lishga, qaynatilmagan yoki filtrlanmagan suvdan foydalanmaslikka, shuningdek, bolalar va keksalar salomatligiga alohida e’tibor qaratishga chaqirmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, vaziyat ustidan nazorat kuchaytirilgan va tahlil natijalari asosida qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
Bavariyadagi mazkur holat yana bir bor ichimlik suvi xavfsizligi masalasi qay darajada muhim ekanini ko‘rsatib berdi. Eng oddiy gigiyena qoidalariga amal qilish va rasmiy organlar tavsiyalariga rioya etish, shubhasiz, aholi salomatligini himoya qilishning eng samarali yo‘llaridan biri bo‘lib qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!