AQSHning Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari sun’iy intellekt yordamida ikki turdagi yangi antibiotik yaratishdi. Ular dori vositalariga chidamli xavfli bakteriyalar — gonoreya va MRSA (metitsillinga chidamli oltin rangli stafilokokk) — ni yo‘q qila oladi. Bu haqda BBC xabar bergan.
Dorilar hozircha faqat laboratoriyada hayvonlar ustida sinovdan o‘tgan va yaxshi natija ko‘rsatgan. Lekin odamlarga qo‘llashdan oldin ularni yana 1–2 yil davomida takomillashtirish va klinik sinovlardan o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Sun’iy intellekt avval turli antibiotiklarning tarkibi va ularning bakteriyalarga ta’siri haqidagi ma’lumotlar bilan o‘qitilgan. Keyin olimlar ikki yo‘nalishda ish olib borgan: biri mavjud kimyoviy tarkiblar asosida ishlash, ikkinchisi esa sun’iy intellektga to‘liq erkinlik berish.
Natijada inson uchun xavfsiz va ilgari mavjud bo‘lmagan tarkibga ega ikki dori yaratilgan. Ular sichqonlar ustida sinovdan o‘tib, samarali deb topilgan. Olimlar bu antibiotiklar kelgusida doriga chidamli kasalliklar bilan kurashda katta ahamiyat kasb etishini aytishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!