Xitoyning Qingxay provinsiyasida ro‘y bergan yirik fojea butun jamoatchilikni tashvishga soldi. 22 avgust kuni tong otar paytda, mahalliy vaqt bilan soat 03:00 atrofida Jainka okrugida qurilayotgan ko‘prikning asosiy kabeli uzilib ketishi oqibatida to‘liq qulagan.
Ushbu halokatda 12 nafar ishchi hayotdan ko‘z yumdi, yana 4 nafari bedarak yo‘qolgani xabar qilindi. Bu haqida mamlakatning rasmiy agentligi Sinxua ma’lumot berdi.
Fojia sodir bo‘lgan paytda qurilish maydonchasida jami 16 nafar ishchi bo‘lgan. Kutilmaganda 108 metrlik po‘lat to‘sinning asosiy qovurg‘asi sindi va butun konstruksiya ishchilarni suvga tortib ketdi.
Darhol qutqaruv ishlari boshlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, soat 14:00 ga kelib hodisa joyiga 806 nafar qutqaruvchi, 91 ta texnika vositasi, 27 ta qayiq, 1 vertolyot va hatto 5 ta robot jalb etilgan. Shuningdek, yaralangan ishchilar yaqin atrofdagi 6 ta shifoxonaga yetkazilgan.
Xitoy favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tezkorlik bilan maxsus ishchi guruhni jo‘natdi. Ular qutqaruv ishlarini nazorat qilish, bedarak yo‘qolganlarni topish va halokat sabablarini o‘rganish bilan shug‘ullanmoqda. Mutasaddilar barcha resurslarni safarbar etishga va kelgusida bunday fojealar takrorlanmasligi uchun qonun-qoidalarni kuchaytirishga va’da berishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilayotgan ko‘prik po‘lat ark konstruksiyasi asosida qurilmoqda edi. Loyihaning asosiy qismi avgust oyining oxiriga qadar tugallanishi rejalashtirilgan. Biroq ushbu fojea katta qurilishning taqdiri va xavfsizlik tizimi haqida jiddiy savollarni keltirib chiqardi.
Shubhasiz, ko‘prik qulashi faqat qurilish sohasi emas, balki butun mamlakatda xavfsizlik standartlariga nisbatan talablarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Millionlab odamlar hayoti va taqdiri aynan ana shunday obyektlardagi ishonchlilikka bog‘liq ekani yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!