Buyuk Britaniyaning Uayt oroli hududida olamshumul kashfiyot amalga oshirildi. Olingan topilma orqasida yelkanga o‘xshash organi mavjud bo‘lgan yangi turdagi dinozavrga tegishli ekani ma’lum qilindi. Bu haqda CNN nashri yozdi.
London tabiiy tarix muzeyi 22 avgust kuni ushbu yangilikni rasman e’lon qildi. Istiorachis macarthuraye nomi bilan yuritilayotgan dinozavr taxminan 120 million yil avval, ilk krit davrida yashagan. U shu davrda yashagan mashhur iguanodon turlari bilan birga yer yuzini bo‘lib turgan. Ma’lumki, iguanodonlar asosan o‘txo‘r hayvonlar bo‘lib, so‘nggi yura davridan krit davrining dastlabki bosqichlarigacha mavjud bo‘lgan.
Olimlarning aytishicha, bu dinozavrning orqasidagi g‘alati organning vazifasi hali to‘liq aniq emas. Bir necha gipotezalarga ko‘ra, u jinsiy tanlovda va juft topishda muhim ahamiyat kasb etgan. Ya’ni, xuddi tovusning qanoti kabi, qarama-qarshi jins vakillarini o‘ziga jalb qilish uchun xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, bu suyak qoldiqlari ilk marotaba 40 yil oldinyoq topilgan. O‘sha vaqtda ular Uayt orolida yashagan ikki mashhur iguanodontiya turidan biriga tegishli, deb taxmin qilingan edi. Biroq olim Jeremy Lokvud o‘z doktorlik ishlari jarayonida suyaklarni qayta tahlil qilar ekan, ularning umurtqalari odatdagidan ancha uzun va g‘ayrioddiy shaklga ega ekanini aniqladi.
Lokvudning ta’kidlashicha, aynan shu noodatiy umurtqa tuzilishi va yelkanga o‘xshash organ ushbu dinozavrni alohida tur sifatida ajratishga imkon bergan. Uning xulosalari Papers in Palaeontology jurnalida chop etildi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, dinozavrning balandligi taxminan 2 metr, og‘irligi esa 1 tonna atrofida bo‘lgan.
Ilmiy tahlillarga ko‘ra, istiorachis macarthuraye umurtqasi tobora uzunlashib borayotgan davrda yashagan. Bu esa hayvonning harakatlanishi va og‘ir tana massasini qo‘llab-quvvatlash uchun kuchli mushaklarga ehtiyoj tug‘dirgan. Lokvud bunday organ tananing harorat balansini saqlash uchun xizmat qilgan, degan nazariyani rad etadi. Unga ko‘ra, qon tomirlari to‘qimalarda juda ko‘p bo‘lgani bois, bunday “qanot” jarohat olganida katta qon yo‘qotishi mumkin edi.
“Menimcha, bu organ ko‘proq juft topish va jinsni farqlashda xizmat qilgan. Qarama-qarshi jinsni o‘ziga jalb qilish uchun yaratilgan, deb o‘ylayman”, – deya izoh berdi olim.
Shubhasiz, Uayt orolida yana bir iguanodontiya turining kashf etilishi, bu hudud ilk krit davrida juda boy va xilma-xil faunaga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Lokvud kelgusida yana ko‘plab qimmatli topilmalar kashf etilishiga ishonayotganini ham qo‘shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!