Moskva markazidagi Lubyankada joylashgan “Markaziy bolalar do‘koni” (SDM)da kuchli portlash yuz berdi. Bu haqda “RIA Novosti” favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga tayanib xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi vafot etgan, yana uch kishi jarohat olgan. Ikki nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, yana biriga esa hodisa joyidayoq tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Poytaxt Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, jabrlanganlar soni hali aniqlanmoqda. Hozirda tez tibbiy yordam, Shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda boshqa xizmatlar ish olib bormoqda.
Gaz balloni portlagan
Tafsilotlarga ko‘ra, do‘konning uchinchi qavatida gaz balloni portlagan. Tashrifchilar va xodimlar darhol evakuatsiya qilingan. Moskva meri Sergey Sobyaninning ta’kidlashicha, portlash ehtimolan texnik nosozlik tufayli yuz bergan.
“Tergov idoralari voqea sabablarini o‘rganmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu uskunaning ishdan chiqishi bilan bog‘liq”, — deya yozdi mer o‘z Telegram-kanalida.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasi jinoyat ishini qo‘zg‘atdi.
“Detskiy mir” vaqtincha yopildi
Do‘kon matbuot xizmati 24 avgustdan faoliyat vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Aytishlaricha, portlash ijarachilardan birida sodir bo‘lgan.
Shuningdek, do‘kon rahbariyati halok bo‘lgan shaxsning oila a’zolariga zarur yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!