Rossiya parlamentida muhokamaga qo‘yilgan yangi tashabbus keng jamoatchilik orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. “Yangi odamlar” fraksiyasi deputatlari Vladislav Davankov, Yaroslav Samilin va Kseniya Goryacheva fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkovga murojaat yo‘llab, migrantlar uchun majburiy imtihon tarkibiga ayollar bilan munosabat qoidalarini kiritish taklifini ilgari surdi, deb xabar berdi TASS.
Deputatlar o‘z murojaatida, so‘nggi yillarda migrantlar tomonidan jamoat tartibini buzish holatlari ko‘payganini ta’kidladi. Ayniqsa, ayollarga nisbatan hurmatsiz muomala, haqorat va bezorilik kabi holatlar jamiyatda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada ma’muriy chiqarish va deportatsiya to‘g‘risidagi qarorlar soni 190 mingdan oshgan. Bu esa 2023 yilga nisbatan qariyb 94 mingtaga ko‘p.
Deputatlar fikricha, bunday vaziyatda nafaqat deportatsiya va jazolash choralarini kuchaytirish, balki oldini olish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhim. Shu sababli, ular imtihon tarkibiga ayollarga nisbatan madaniy va huquqiy me’yorlarni bildiradigan alohida bo‘lim kiritishni taklif qilishmoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, chet el fuqarolari ishlash uchun ruxsatnoma yoki patent olishda rus tili, tarix va qonunchilikdan tashqari, ayollarga munosabat qoidalarini ham bilishi shart bo‘ladi. Jumladan, tahqirlash yoki ta’qib qilish kabi xatti-harakatlarning ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka olib kelishini anglab yetishi lozim.
Parlament a’zolari bu tashabbus orqali jamoat joylarida ayollarning xavfsizligini kuchaytirish, nizoli vaziyatlarni kamaytirish va davlat migratsiya siyosatiga ishonchni oshirish mumkinligini qayd etdi.
Shuningdek, imtihon tarkibini madaniy va huquqiy xulq-atvor me’yorlari bilan to‘ldirish chet el fuqarolarining Rossiya jamiyatiga integratsiyasini osonlashtirishi va milliy an’analarga hurmat ruhini mustahkamlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada maktabga bormaydigan migrant bolalarni oilasi bilan mamlakatdan chiqarish taklifi ham berilgan edi. Shuningdek, iyul oyi oxirida Sankt-Peterburg shahrida patentga ega muhojirlarning taksi xizmatlarida ishlashi taqiqlangandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!