Hindistonda ayollar sport zali ochildi: hijob va burqada ham bemalol mashq qilish mumkin

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Hindistonning Koimbator shahrida Shabana ismli ayol musulmon ayollar hijob va burqada bemalol shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan maxsus sport zalini ochdi.
- Shabana o‘z vaqtida vazni 140 kilogrammdan oshganida ayollar uchun alohida sport maskani topa olmagani sababli shunday qarorga kelgan.
- Mazkur markazda faqat ayollar ishlaydi va mijozlarga jismoniy mashqlar bilan birga to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha ham maslahatlar beriladi.
Hindistonning Tamilnad shtatidagi Koimbator shahrida Shabana ismli ayol faqat ayollar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport zalini ochdi. Bu yerda musulmon ayollar hijob va burqa kabi kundalik kiyimlarida ham bemalol mashq qilishi mumkin.
BBC xabar berishicha, Shabanani bunday qarorga kelishga o‘zining sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari va ayollar uchun alohida sport zalini topa olmagani undagan. U bir vaqtlar vazni 140 kilogrammdan oshganini, ozish maqsadida o‘z hududidagi sport zallarini izlaganida faqat ayollar uchun mo‘ljallangan joy topa olmaganini aytgan.
Shundan so‘ng u avval umumiy sport zalida shug‘ullana boshlagan, keyinchalik esa murabbiylik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bir necha yil tajriba orttirgach, o‘z sport zalini ochishga qaror qilgan.
Shabana tashkil etgan markaz barcha ayollar uchun ochiq. Biroq u musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan mahallada joylashgani sababli, ayniqsa musulmon ayollar orasida mashhur bo‘lgan. Sport zalida faqat ayollar ishlaydi, mashg‘ulotlar esa kun davomida tashkil etiladi.
Bu yerda ayollar nafaqat jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadi, balki to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha ham maslahat oladi. Sport zalida qimmatbaho trenajyorlardan ko‘ra, ko‘proq oddiy jihozlar va pol ustida bajariladigan mashqlarga e’tibor qaratiladi.
Shabana o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishda turli qarshiliklarga duch kelganini ham yashirmaydi. Shunga qaramay, turmush o‘rtog‘i va oilasining ko‘magi bilan maqsadiga erishgan. Bugungi kunda u murabbiylik bilan birga og‘ir atletika musobaqalarida ham qatnashib kelmoqda.
Sport zaliga qatnaydigan ayollardan biri uch marta kesarcha kesish amaliyotini boshdan kechirganidan keyin mashg‘ulotlarni boshlagan va 13 kilogramm vazn yo‘qotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu maskan nafaqat sog‘lom bo‘lish, balki boshqa ayollar bilan muloqot qilish va kundalik stressdan xalos bo‘lish imkonini ham beradi.






























Izohlar 0
…