Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Jinping va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Tyanszin shahrida start olgan SHHT sammiti doirasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida kelishib oldilar. Bloomberg agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, suhbatda tomonlar mintaqaviy barqarorlik va strategik muloqotni chuqurlashtirish ahamiyatini ta’kidladi.
Si Jinpingning aytishicha, Xitoy va Hindiston — ikki qadimiy sivilizatsiya — insoniyat taraqqiyoti strategiyalarini yangilashda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Uning ta’biricha, “Xitoy va Hindiston yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona aloqalarni saqlashi, bir-birini muvaffaqiyatga yetaklashda qo‘llab-quvvatlashi, ya’ni ajdar va fil birlashishi lozim”. Pekin yetakchisi shuningdek, Pekin–Nyu-Dehli munosabatlariga strategik va uzoq muddatli istiqbol nuqtayi nazaridan yondashishni zarur deb bilddi.
Narendra Modi bu qarashlarni qo‘llab-quvvatlab, ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonch asosida qurilishi kerakligini qayd etdi. Ushbu ruhdagi bayonotlar tomonlarning hamkorlikni amaliy yo‘nalishlarda kengaytirishga tayyor ekanini ko‘rsatdi.
Bugun Tyanszin shahrida Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti boshlandi. Anjumanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda. Sammit doirasidagi yuqori darajadagi muloqotlar Markaziy va Janubiy Osiya hamda keng Yevroosiyo makonida tinchlik, ochiq savdo yo‘laklari va transport-logistika bog‘lanishlarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Qisqasi, “ajdar va fil”ning hamnafas qadami qo‘shnichilik diplomatiyasiga yangi impuls berishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!