Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbari Donald Tramp yaqin kelajakda Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishiga ishonch bildirdi. Biroq u ikki tomonlama Kiyev va Moskva sammitiga hech qanday ishonmayotganini ochiqchasiga bayon qildi, deb yozadi Daily Caller.
Trampning ta’kidlashicha, rejalashtirilayotgan uchrashuv davlat rahbarlari darajasida bo‘lishi yoki yo‘qligi hali aniq emas. AQSH prezidenti o‘z shubhalarini izohlar ekan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni bolalarning maydondagi uzoqqa cho‘zilgan janjallariga qiyosladi.
«Vaqt o‘tishi bilan ular baribir to‘xtashdan mamnun bo‘lishadi, tushunyapsizmi? Bu holat deyarli o‘xshash. Ba’zan ularni tinchlantirish uchun biroz kurashishga to‘g‘ri keladi. Lekin bu jang juda uzoq davom etmoqda. Minglab odamlar halok bo‘ldi», — deya ta’kidladi Tramp.
Oq uy rahbari Oval kabinetda Daily Caller muxbiriga bergan suhbatda yana bir bor Vashington Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yubormasligini urg‘uladi. Unga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari asosan Yevropa davlatlari zimmasiga tushadi, AQSH esa yordam va qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!