Saudiya Arabistoni Makka shahri yaqinida husiylar dronini urib tushirdi

30 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni hududida, Makka shahri atrofida Yamandagi husiylar tomonidan uchirilgani aytilgan dron tutib qolindi. Mamlakat boshchiligidagi koalitsiya havo hujumidan mudofaa kuchlari uchuvchisiz qurilmani aniqlab, yo‘q qilganini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Koalitsiya vakili, general-mayor Turkiy al-Molikiyning bildirishicha, dron Makka shahri hududida tutib qolingan. Biroq u qurilmaning aniq qaysi nishonga yo‘naltirilgani haqida ma’lumot bermagan.
Husiylarning harbiy vakili Yahyo Sari esa Makka yoki Saudiya hududiga hujum uyushtirilganini rad etdi. Uning ta’kidlashicha, guruhning harbiy amaliyotlari Saudiya Arabistonining neft obyektlari va harbiy bazalariga qaratilgan.
Qayd etish joiz, Saudiya Arabistoni avval ham Makka va Madina tomon yo‘naltirilgan raketa hamda dronlarni tutib qolganini bildirgan. Husiylar esa muqaddas shaharlarni nishonga olgani haqidagi ayblovlarni bir necha bor inkor etgan.
Shuningdek, 29 oktyabr kuni Hormuz bo‘g‘ozida tankerga portlovchi moslamalar yordamida hujum qilingan. Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, kichik qayiqdagi shaxslar tankerning suv sathidan yuqori qismiga ikkita portlovchi moslama o‘rnatgan. Keyingi portlashlar oqibatida kema dvigatellar bo‘limida yong‘in chiqqan va tanker vaqtincha harakatdan to‘xtagan.
Keyinchalik yong‘in o‘chirilgan, tanker esa safarini davom ettirgan. Ekipaj a’zolari jabrlanmagan, dengiz muhitiga zarar yetmagan. Hozircha hujum ortida kim turgani ma’lum qilinmagan.






























Izohlar 0
…