date

Namoyishchilar qarorgohni yoqdi, Sharma Oli iste’fo qildi

Namoyishchilar qarorgohni yoqdi, Sharma Oli iste’fo qildi

Nepalda siyosiy beqarorlik yanada kuchaymoqda. 9 sentyabr kuni namoyishchilar mamlakat Bosh vaziri Sharma Olining Balkotdagi shaxsiy qarorgohi oldiga yig‘ilib, uni kechagi to‘qnashuvlardagi o‘limlar uchun javobgarlikka tortishni talab qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, ular qarorgohni yong‘inga berdi. Bu haqda “India Today” xabar tarqatdi.

“The Himalayan Times” nashri yozishicha, namoyishchilarning g‘azabi cheklanmas darajada kuchaydi. Ular bosh vazirni aybdor deb hisoblab, uning uyi oldida ommaviy tarzda shiorlar ko‘tarib chiqishdi. Qarorgoh olovga o‘ralgach, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Shu payt otishma ovozlari ham eshitilgani aytilmoqda.

Vaziyat keskinlashganidan so‘ng, hukumat a’zolari harbiy vertolyotlar yordamida xavfsiz hududga olib chiqildi. Shuningdek, bir qator davlat amaldorlarining uylari ham yoqib yuborilgani xabar qilindi. Nepal poytaxtida xavf darajasi oshirilib, Katmandu xalqaro aeroporti vaqtincha yopildi. Barcha reyslar bekor qilingani ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ommaviy norozilik namoyishlari mamlakatdagi yirik ijtimoiy tarmoq platformalari — Facebook, Instagram, WhatsApp va YouTube kabilar taqiqlanishi ortidan avj olgan. Hukumat so‘nggi kunlarda ushbu taqiqni bekor qilgan bo‘lsa-da, xalqning g‘azabi bosilmadi.

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, kecha va bugungi to‘qnashuvlar chog‘ida kamida 19 kishi halok bo‘lgan. Xalqning bosimi va ommaviy tartibsizliklar fonida bosh vazir Sharma Oli lavozimidan iste’foga chiqdi.

Kuzatuvchilarning fikricha, Nepaldagi bu voqealar mamlakat siyosiy tizimini jiddiy sinovga solmoqda. Hokimiyatga bo‘lgan ishonch pasayib, ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishi xalqning noroziligini yanada oshirdi. Olingan choralar esa vaziyatni barqarorlashtirishga yordam bermadi. Nepal siyosiy jarayonlari endi mutlaqo yangi bosqichga kirishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Namoyishchilar qarorgohni yoqdi, Sharma Oli iste’fo qildi