Albaniyada davlat xaridlari tizimida inqilobiy yangilik ro‘y berdi. Mamlakat hukumati davlat xaridlari jarayonlarini avtomatlashtirish va samaradorlikni oshirish maqsadida sun’iy intellekt asosidagi maxsus model – “Diella”ni joriy qildi. Bu yangi tizim mamlakat Bosh vazirligida birinchi marta jismonan mavjud bo‘lmagan, biroq qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirok etuvchi “raqamli a’zosini” e’tirof etdi.
Bosh vazir Edi Rama o‘z bayonotida ta’kidladiki, yangi sun’iy intellekt tizimining joriy etilishi davlat xaridlari jarayonida “100 foiz korrupsiyasiz” muhitni ta’minlashga xizmat qiladi. Endilikda davlat tenderlari va kontraktlar bo‘yicha qarorlar avtomatik ravishda Diella modeli tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi, bu esa shaffoflikni mustahkamlaydi.
“Diella” modeli ilgari “e-Albaniya” raqamli platformasi doirasida faoliyat ko‘rsatib, aholiga turli davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish imkonini yaratgan edi. Endi esa u davlat boshqaruvi jarayoniga to‘liq kiritildi, bu Albaniyada raqamli texnologiyalardan foydalanish tarixida yangi bosqich hisoblanadi.
Muttaxassislar fikricha, sun’iy intellekt bilan qo‘llab-quvvatlangan davlat boshqaruvi korrupsiya xavfini sezilarli darajada pasaytirishi, tenderlar va xarid jarayonlarida inson omillari ta’sirini kamaytirishi mumkin. Shuningdek, Diella tizimi davlat qarorlari samaradorligi va tezkorligini oshirishi, hamda davlat resurslarini tejashda katta hissa qo‘shishi mumkin.
Hukumatning bu tashabbusi nafaqat Albaniyada, balki Yevropa hamjamiyatida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Tadqiqotchilar va iqtisodchilar fikricha, raqamli bosh vazir modellari kelajakda boshqa davlatlarda ham davlat xaridlari va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish uchun qo‘llanilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!