Tailand poytaxtida yo‘lning o‘pirilib tushishi natijasida katta chuqur hosil bo‘ldi. Hodisada insonlar orasida jabrlanuvchilar yo‘q, sabablar esa hali o‘rganilmoqda.
Bangkok Post ma’lumoticha, Bangkokdagi davlat shifoxonasi oldida yer o‘pirilib, chuqurligi 50 metrgacha, eni esa 30 metr atrofidagi ulkan chuqur paydo bo‘ldi.
Ushbu o‘pirilish oqibatida ikki elektr ustuni va politsiya xizmat mashinasi chuqurga tushib ketgan.
Hodisa sodir bo‘lgan hududda harakat xavfsizlik nuqtayi nazaridan to‘liq yopilgan.
Shuningdek, shifoxona ambulator bemorlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Taxminan 3500 nafar statsionar bemorlar esa xavfsizlik choralari doirasida evakuatsiya qilingan.
Rasmiylarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan. Hozirda mutaxassislar yo‘l o‘pirilishiga nimalar sabab bo‘lganini o‘rganishni davom ettirmoqda.