Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ho‘rmuzgon viloyati tadbirkorlari bilan o‘tkazgan uchrashuvda mamlakat poytaxtini Tehrondan ko‘chirish masalasini yana ko‘tardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtni Tehrondan ko‘chirish — bu tanlov emas, balki zaruratdir.
«Men Oliy rahbarga (Ali Xomanaiy) poytaxtni Fors ko‘rfazi tomonga ko‘chirish zarurligini aytdim. Boshqa ilojimiz yo‘q, shunga majburmiz, shu ketishda davom etsak, muammolar ko‘payadi. Suv zaxiralarimiz kundan kunga kamaymoqda, so‘nggi paytlarda yerning cho‘kishi kuzatilyapti. Tehronning ba’zi hududlarida cho‘kish 30 santimetrga yetdi», — dedi Eron prezidenti.
Pezeshkiyon prezident bo‘lganidan buyon poytaxtni ko‘chirish haqida ko‘p marta gapirgan. Uning fikricha, mamlakatning bosh shahri janubda, dengiz bo‘yida joylashishi kerak. Bu nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki ekologik masala hamdir. Tehrondagi suv tanqisligi, havo ifloslanishi va tuproqning cho‘kishi kabi ulkan muammolar, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarga aylangan.
Tehron — Eronning eng katta shahri bo‘lib, aholisi 13 milliondan oshadi. 1795-yildan buyon mamlakatning poytaxti hisoblanadi. Poytaxtni boshqa joyga ko‘chirish masalasi Eronda o‘z vaqtida bir necha bor muhokama qilingan, 2009, 2013 va 2017-yillarda ham bu mavzudagi bahslar kun tartibiga chiqarilgan.
Eron prezidentining bugungi kundagi takliflari, shaharni ko‘chirish zaruriyatini yanada ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Poytaxtni Fors ko‘rfaziga ko‘chirish, nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki ekologik barqarorlik va uzoq muddatli suv zaxiralarini saqlab qolish uchun ham muhim qadam bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!