Eron muhim shartga rozi bo‘ldimi? OAV xabar tarqatdi

Eron muhim shartga rozi bo‘ldimi?  OAV xabar tarqatdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Eron sanksiyalarni yumshatish evaziga uran boyitish jarayonini to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida xabar tarqaldi, biroq Eronning Press TV telekanali bu ma’lumotni rad etdi.
  • Eron rasmiy manbasining ta’kidlashicha, mamlakat hozirda yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar olib bormayotgan va Al Hadath tarqatgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Eron sanksiyalarni yumshatish evaziga uran boyitish jarayonini to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Bu haqda Al Hadath telekanali o‘z manbalariga tayanib ma’lum qildi. Biroq keyinchalik Eronning Press TV telekanali mamlakat hukumatidagi manbaga tayanib, bu ma’lumotni rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, AQSH va Eron o‘rtasida bilvosita muzokaralarni tashkil etishda ishtirok etayotgan vositachilar Tehrondan yadroviy dasturi bo‘yicha muayyan yon berishlarni talab qilgan. Ular tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishishga ko‘maklashishga uringan.

Shu bilan birga, Press TV manbasi Eron hozirda yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar olib bormayotganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Tehronning bu masaladagi pozitsiyasi o‘zgarmagan va Al Hadath tarqatgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Eron rasmiy manbasining raddiyasi ham xabarning hozircha tasdiqlanmaganini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumot uchun, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mazkur xabarlar tarqalishidan avval AQSH bilan munosabatlardagi mavjud bosiqdan chiqishning yagona yo‘li muzokaralar ekanini aytgan edi. So‘nggi kunlarda AQSH va Eron vakillari vositachilar orqali alohida muloqotlar o‘tkazgani ham xabar qilindi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan. Uning aytishicha, Tehron kelishuvdan manfaatdor, biroq Eron tomoni taklif qilayotgan shartlar Vashingtonni qanoatlantirmayapti. Tramp avvalroq Eronning Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va tinchlik muzokaralarini tiklashga qaratilgan taklifini rad etgan, biroq keyinchalik yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq The Wall Street Journal AQSH rasmiylariga tayanib, Tramp Eronning Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va mintaqadagi janglarni yetti kun ichida to‘xtatishni nazarda tutgan tinchlik taklifini rad etgani haqida yozgandi. Eron tomonining taklifiga ko‘ra, AQSH sanksiyalarni yumshatishi, dengiz blokadasini bekor qilishi va o‘t ochishni to‘xtatishi sharti bilan Hormuz bo‘g‘ozi yetti kun ichida qayta ochilishi hamda yadroviy muzokaralar tiklanishi kerak edi.

Hozircha Eronning uran boyitishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Aksincha, Eron manbasi bu xabarni ochiq rad etgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar