date

Armiyada xizmat boshlaganiga yetti kun bo‘lmagan yigit vafot etdi

Armiyada xizmat boshlaganiga yetti kun bo‘lmagan yigit vafot etdi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida joylashgan chegara xizmati bo‘linmasida fojeali holat sodir bo‘ldi. Muddatli harbiy xizmatga yaqinda chaqirilgan yosh askar o‘z xizmatini boshlaganiga bor-yo‘g‘i bir hafta to‘lmasdan vafot etdi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 27 sentyabr kuni Nurasil Anuar ismli yigit “Qorasoy” chegara qismiga xizmatga jo‘natilgan edi. Bir hafta o‘tib, uning yaqinlariga achinarli xabar yetdi — yigit olamdan o‘tgan.

Oila a’zolari o‘lim haqida faqat 5 oktyabr kuni ertalab ma’lumot olgan. Ular uchun bu xabar haqiqiy zarba bo‘ldi. Nurasilning qarindoshlari uni sog‘lom va hayotga to‘la yigit sifatida eslaydi.

“Biz uni jo‘natishni istamagandik — yuragimiz bezovta edi. Lekin u o‘z Vataniga xizmat qilishni sharaf deb bildi. Nurasil harbiy xizmatni fuqarolik burchi va oriyat belgisi sifatida qabul qilgan edi”, — deydi marhumning oila a’zolari.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nurasilning o‘limiga meningit sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq oila bu tashxisga ishonmayapti. Ular ta’kidlashicha, yosh askar xizmatga ketishidan avval butunlay sog‘lom bo‘lgan va uning kasallikka chalingani haqida hech qanday xabar berilmagan.

“Bugun ertalabdan beri jasadni ko‘ra olmayapmiz. Bizga turli bahonalar bilan ruhsat bermayapti, boshqa joyga yo‘naltirishmoqda”, — degan bolaning xolasi jurnalistlarga.

Marhumning qarindoshlari xolis va har tomonlama tergov o‘tkazilishini, voqea sabablari to‘liq aniqlanishini so‘ramoqda. Ular bu holat tasodifiy emasligini taxmin qilishmoqda va adolatli qaror chiqishini talab etmoqda.

“Nurasil mehribon, samimiy va toza qalbli inson edi. U adolatga ishonar, hayotni sevardi. Uning o‘limi butun oilamiz uchun chuqur yo‘qotish bo‘ldi”, — deydi yaqinlari og‘riq bilan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda bu kabi fojealar avval ham sodir bo‘lgan. Joriy yilning 17 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida xizmat qilayotgan 19 yoshli Dinmuhammad ismli askarning ham o‘limi haqida xabar berilgan edi. U aslida egizak akasi bilan bir vaqtda armiyaga chaqirilgan, keyinroq boshqa qismiga o‘tkazilgan va qisqa vaqt ichida halok bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Dinmuhammadning o‘limi “o‘z joniga qasd qilish” deb baholangan, biroq uning qarindoshlari bu versiyaga ishonmagan. Keyinchalik Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari Serik Borambayev bu voqea bo‘yicha izoh berib, “aka-uka askarlar bir-biridan ajralmagan, ular hamisha birga bo‘lgan”, deb aytgan edi.

Nurasilning o‘limi esa bu kabi holatlar soni ortib borayotganiga jamoatchilik e’tiborini yana bir bor qaratdi. Qozog‘istonda harbiy xizmatchilar xavfsizligi va sog‘lig‘i bilan bog‘liq tizimli muammolar bormi — bu haqda hozircha rasmiy izoh yo‘q. Ammo marhumning qarindoshlari haqiqatni aniqlash uchun oxirigacha kurashish niyatida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Armiyada xizmat boshlaganiga yetti kun bo‘lmagan yigit vafot etdi