date

Markaziy Osiyoda ilk ayol kosmos sari qadam tashladi

Markaziy Osiyoda ilk ayol kosmos sari qadam tashladi

Qozog‘istonlik tadbirkor ayol Danna Karagusova Markaziy Osiyo tarixida koinotga chiqadigan ilk ayol sifatida nom qozonmoqda. Uning bu missiyasi nafaqat mamlakat, balki butun mintaqaning ilm-fan va texnologiya sohasidagi yangi yutug‘i sifatida baholanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Danna Amazon asoschisi va milliarder Jeff Bezos tashkil etgan Blue Origin kompaniyasining New Shepard raketa-kayhon apparatida koinotga uchadi. Ushbu parvoz 2025 yil oktyabr oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Kosmik sayohatning davomiyligi juda qisqa — atigi 10–12 daqiqa bo‘ladi. Bu vaqt ichida raketa Yerdan 100 kilometr balandlikka ko‘tariladi — aynan shu nuqtadan boshlab koinot hisoblanadi. Dannaga yana besh yo‘lovchi hamrohlik qiladi: biznesmen Jeff Elgin, muhandis Clint Kelly III, startup asoschisi Aaron Newman, ukrainalik ishbilarmon Vitaliy Ostrovskiy va ismini oshkor qilmagan yana bir yo‘lovchi. Ularning barchasi vaznsizlik holatini his qilib, Yerni koinotdan tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Firma parvozni jonli efir orqali namoyish etishni rejalashtirgan, ammo chipta narxlari sir saqlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rinni bron qilish uchun depozit kamida 150 ming dollar, parvozning o‘zi esa 500 mingdan 1 million dollargacha turadi.

Kim u — Danna Karagusova?

43 yoshli Danna Karagusova — Olmaotada tug‘ilgan, Qozog‘istondagi eng faol va zamonaviy ayol tadbirkorlardan biri. U marketing va raqamli texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassis sifatida tanilgan.

Danna First Media Group marketing xoldingini tashkil etgan va uzoq yillar davomida uning rahbari bo‘lib ishlagan. Shuningdek, u media va tadbirlarni boshqarishda 25 yillik tajribaga ega.

Blue Origin ma’lumotlariga ko‘ra, Karagusova san’at, fan va texnologiyani uyg‘unlashtiruvchi innovatsion loyihalarda faol ishtirok etmoqda. U so‘nggi yillarda kompaniyaning “Portals” deb atalgan yangi loyihasiga katta e’tibor qaratgan — u turli shaharlarni real vaqtda jonli video orqali bog‘laydigan interaktiv platforma yaratishni maqsad qilgan.

Karagusova faqat biznesda emas, sportda ham o‘zini sinab ko‘rgan. U Kilimanjaro va Elbrus tog‘ cho‘qqilarini zabt etgan tajribali alpinist. Uning so‘zlariga ko‘ra, koinot inson evolyutsiyasining navbatdagi tabiiy bosqichidir.

Familiya ortidagi nufuzli oila

Danna taniqli siyosiy va ilmiy oilaga mansub. Uning onasi — Guljana Karagusova, Qozog‘istonning sobiq mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, shuningdek Senat a’zosi bo‘lgan.

Akasi Farhod Karagusov moliya sohasida faoliyat yuritadi — u Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi direktorlar kengashi a’zosi va Sky Bridge Capital kompaniyasida boshqaruvchi lavozimni egallaydi.

Uning ukasi Roman Romanov 2016 yildan buyon Pavlodar viloyati deputati bo‘lib, bir vaqtlar “Qozog‘iston alyuminiy” aksiyadorlik jamiyatini boshqargan.

Oilaviy hayot va shaxsiy tomonlar

Danna ijtimoiy tarmoqlarda faol — u Instagram orqali o‘z hayoti, safarlari va kasbiy faoliyatini namoyish etib boradi. U avval bloger Beybit Alibekov bilan turmush qurgan, ammo keyinchalik ajrashgan. Ular uch nafar farzandni birgalikda tarbiyalab kelmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Markaziy Osiyoda ilk ayol kosmos sari qadam tashladi