date

Yamalning otasiga hujum tafsilotlari ochiqlandi: pichoqli janjal, guvohlar va sud jarayoni

Yamalning otasiga hujum tafsilotlari ochiqlandi: pichoqli janjal, guvohlar va sud jarayoni

"Barselona"ning yosh yulduzi Lamin Yamalning otasi Munir Nasrauiga nisbatan o‘tgan yili sodir bo‘lgan hujum haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ispaniyaning "La Vanguardia" nashriga ko‘ra, voqea 2024 yil 14 avgust kuni Kataloniyaning Mataro shahrida, Yamal ulg‘aygan Rokafonda tumanida sodir bo‘lgan. Ushbu mahalla yosh futbolchining gol nishonlashda ko‘taradigan “304” ishorasi bilan bog‘liq.

Ma’lumotlarga qaraganda, avtoturargohda kelib chiqqan janjal paytida Munir Nasraui bir necha marta pichoqlangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u hujumdan qochishga uringan, biroq pichoq ko‘targan kishi orqasidan quvib borib, uni ikki-uch marta ko‘kragi va yon tomoniga urgan. Nasraui og‘ir ahvolda Badalonadagi shifoxonaga yotqizilgan va shifokorlar uning jarohatlarini “hayot uchun xavfli” deb baholagan. U bir necha kun davomida reanimatsiyada bo‘lgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, voqea oddiy tushunmovchilikdan boshlangan. Avvalroq kimdir uchinchi qavatdan Nasrauiga suv sepgan va u bundan norozi bo‘lgan. Guvohlardan birining aytishicha, u shunda “Bu narsa bo‘lishi mumkin emas, men tinchgina ketayotgandim. Yaxshi advokat bu ishni hal qiladi yoki keyin gaplashamiz”, degan. Oradan olti soat o‘tib, Nasraui avtoturargohda hujumga uchragan.

Aybdorlar esa o‘zini himoya qilganini da’vo qilmoqda. Ular Nasraui janjal vaqtida ulardan biriga zarba berib, burun suyagini sindirganini, pichoq esa uning tanishlaridan birining qo‘lida bo‘lganini aytishgan. Shu bois, hozirda Munir Nasraui jabrlanuvchi emas, balki ayblanuvchi sifatida so‘roq qilinmoqda.

39 yoshli Nasraui ikki hafta avval Mataro sudida guvohlik bergan. Hodisa kunidayoq bir necha guvohlar alohida so‘roq qilingan va ularning ko‘rsatmalari hozirgi tergov jarayonining asosini tashkil etmoqda.

Politsiya to‘rt nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Ulardan biri — bevosita pichoqlashda ayblanayotgan shaxs keyinchalik garov evaziga ozod qilingan va yangi advokat yollagan. U Nasrauining o‘zi birinchi bo‘lib hujum qilganini ta’kidlab, o‘zini himoya qilganini iddao qilmoqda.

Hozirda ish sudda ko‘rib chiqilmoqda. Munir Nasrauining sog‘lig‘i tiklangan bo‘lsa-da, voqea atrofidagi bahslar hali ham davom etmoqda. Kataloniya OAV bu hodisani “Yamal oilasi uchun og‘ir sinov” deb baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yamalning otasiga hujum tafsilotlari ochiqlandi: pichoqli janjal, guvohlar va sud jarayoni