date

Jon Bolton "maxfiy ma’lumot" ishi bo‘yicha aybini tan olmadi

Jon Bolton "maxfiy ma’lumot" ishi bo‘yicha aybini tan olmadi

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton o‘zining ayblanishi bo‘yicha ilk sud majlisida barcha ayblovlarni rad etdi. Sud 17 oktyabr kuni Merilend shtati, Grinbelt shahrida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi CNN.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bolton maxfiy ma’lumotlarni noto‘g‘ri ishlatish bilan bog‘liq 18 ta ayblov bo‘yicha aybdor deb topilmoqda. Sud zalida u jurnalistlar bilan suhbatlashishdan bosh tortdi va o‘zini aybsiz deb bildirdi. Keyinchalik Bolton shaharni tark etmaslik sharti bilan ozod qilindi. Keyingi majlis 21 noyabr kuniga belgilandi.

Tergov materiallariga ko‘ra, Bolton 2021 yil iyul oyida Eron hukumati bilan bog‘liq shaxslar uning elektron pochtasiga kirgani haqida FTBga ma’lum qilgan, ammo o‘sha pochta orqali maxfiy ma’lumotlarni yuborganini yashirgan.

Federal tergovchilar uning shaxsiy elektron pochtasi va messenjerlari orqali davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni uzatganini aniqladi. Ular orasida AQShning bo‘lajak harbiy amaliyotlari, xorijiy yetakchilar bilan uchrashuvlarga oid yozuvlar va mamlakatning tashqi siyosiy strategiyasiga tegishli ma’lumotlar bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bolton ushbu hujjatlarni rafiqasi va qiziga ham yuborgan.

2025 yil 22 avgust kuni FTB Boltonning uyi va ofisini tintuv qildi. Tintuv natijasida ommaviy qirg‘in qurollari, AQShning BMTdagi missiyasi va davlatning strategik aloqalariga oid maxfiy hujjatlar topilgan.

16 oktyabr kuni katta hakamlar hay’ati Boltonni maxfiy ma’lumotlarni noto‘g‘ri ishlatishda rasmiy aybladi. U uchinchi shaxslarga maxfiy ma’lumot uzatish bo‘yicha sakkizta va bunday hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha o‘nta epizodda ayblanmoqda. Har bir ayblov uchun u 10 yilgacha qamoq jazosi olishi mumkin.

Jon Bolton — Donald Tramp ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan va tashqi siyosatdagi qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan shaxs. Uning bu ishi Vashingtonda katta siyosiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur sud jarayoni AQShda maxfiy ma’lumotlar bilan bog‘liq intizomni yanada kuchaytiradi va kelgusida rasmiy shaxslar faoliyati ustidan nazoratni oshiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jon Bolton "maxfiy ma’lumot" ishi bo‘yicha aybini tan olmadi