
Tailandning Nonthaburi provinsiyasida juda g‘ayrioddiy va odam ishonmaydigan hodisa sodir bo‘ldi: krematsiyaga tayyorlangan 65 yoshli ayol tobut ichida tirilib, barchani shok holatiga solgan. “Al Jazeera” tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, ayolga avval “o‘lgan” degan notog‘ri xulosa qo‘yilgani keyin ma’lum bo‘lgan.
Hodisa ibodatxona xodimlari tobut ichidagi zaif taqillash tovushini eshitib qolganlaridan boshlangan. Rasmiylardan birining aytishicha:
“Men ulardan tobutni ochishni so‘radim va hamma lol qoldi. Ayolning ko‘zlari nimagadir ochilgandek, o‘zi tobutni taqillatayotgan edi. Balki u ancha vaqt shunday yotgandir”, — deb vaziyatni tushuntirgan.
Ayolning akasi ta’kidlashicha, singlisi ikki yil davomida og‘ir holatda to‘shakda yotgan, sog‘lig‘i keskin yomonlashgan va ikki kun avval u nafas olmayotgandek ko‘ringan. Shu bois uni tobutga joylab, Bangkokdagi shifoxonaga donorlik uchun olib borgan. Ammo o‘lim haqidagi rasmiy guvohnoma bo‘lmagani sababli shifoxona donorlikka rozi bo‘lmagan.
Shundan keyin ayol ibodatxonaga olib kelingan, biroq hujjatlar yo‘qligi bois bu yerda ham krematsiya amalga oshirilmagan. Ibodatxona xodimi marhumning qarindoshiga o‘lim guvohnomasini olish tartibini tushuntirayotgan paytda, tobut ichidan yana taqillash ovozi eshitilgan va vaziyat butunlay o‘zgargan.
Ayol darhol shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar unga og‘ir gipoglikemiya — ya’ni qondagi qand miqdorining keskin tushib ketishi tashxisini qo‘yishgan. Aniqlanishicha, ayolning yurak va nafas olish jarayoni aslida to‘xtamagan, faqat tashqi belgilar o‘limga o‘xshab ko‘ringan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ibodatxona ayolning barcha tibbiy xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.