date

Marshall orollari dunyoda ilk shartsiz daromad joriy etdi

Marshall orollari dunyoda ilk shartsiz daromad joriy etdi

Marshall orollari tarixda birinchi bo‘lib bazaviy shartsiz daromadni umummilliy darajada joriy etgan davlat sifatida qayd etildi. The Guardian nashri ma’lum qilishicha, endilikda arxipelagdagi barcha fuqarolar har chorakda 200 dollar miqdorida pul oladi. Bu yillik hisobda 800 dollarga teng bo‘lib, aholining eng keng qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Dasturning e’tiborga molik jihati — fuqarolar to‘lovlarni olish shaklini mustaqil tanlash imkoniga ega. Ular mablag‘ni bank hisob raqamiga o‘tkazish, qog‘oz chek orqali qabul qilish yoki kriptovalyuta ko‘rinishida olishlari mumkin. Mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi to‘lovlar allaqachon aholiga yetib borgan.

Statistikaga nazar tashlasak, to‘lovlarning qariyb 60 foizi to‘g‘ridan to‘g‘ri bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Qolgan qismida aholi chek shaklida mablag‘ni qabul qilgan. Kriptovalyuta orqali pul olish variantini esa hozircha juda kam odam — atigi 12 nafar fuqaro tanlagan.

Marshall orollari moliya vaziri Devid Polning ta’kidlashicha, mazkur dastur aholini ishdan voz kechishga undash uchun emas, balki ijtimoiy barqarorlik va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash uchun yo‘lga qo‘yilgan. «Yiliga 800 dollar insonni boy qilmaydi, ammo hech kim e’tiborsiz qolmayotganini his qilishga yordam beradi», — dedi u.

Bazaviy shartsiz daromad dasturi AQSH bilan tuzilgan maxsus kelishuv doirasida tashkil etilgan jamg‘arma hisobidan moliyalashtirilmoqda. Ushbu kelishuv Marshall orollarida o‘tgan asrda o‘tkazilgan yadroviy sinovlar uchun kompensatsiya to‘lashni ham o‘z ichiga oladi. Ayni paytda jamg‘arma 1,3 milliard dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi, yana qo‘shimcha 500 million dollar 2027 yilgacha ajratilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Marshall orollari Tinch okeanida joylashgan arxipelag bo‘lib, 29 ta marjon oroli, beshta yirik va mingdan ortiq kichik orollarni qamrab oladi. Mamlakat aholisi taxminan 40 ming kishini tashkil etadi, ularning yarmi poytaxt Majuro shahrida yashaydi.

Avvalroq AQSH, Kanada, Finlyandiya, Shveysariya, Italiya va Hindiston kabi davlatlarda bazaviy shartsiz daromad bo‘yicha sinov loyihalari o‘tkazilgan edi. Biroq ular faqat alohida shahar yoki kichik hududlar doirasida cheklangan. Marshall orollari esa bu g‘oyani butun mamlakat miqyosida joriy etgan ilk davlat sifatida dunyo e’tiborini tortmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Marshall orollari dunyoda ilk shartsiz daromad joriy etdi