
Finlyandiyada mol go‘shti bozorida keskin qimmatlashuv kuzatilmoqda. Mamlakatda mol tana go‘shtining ulgurji narxlari tarixiy eng yuqori darajaga chiqdi va so‘nggi bir yil ichida taxminan 25 foizga oshdi. Bunga Yevropa bozorida go‘sht narxining ko‘tarilishi, mahalliy ishlab chiqarish hajmining kamayishi hamda tirik qoramolning xorijga eksport qilinishi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Go‘shtni qayta ishlash kompaniyalari Yevropa bo‘ylab qoramol tanqisligi kuchayib borayotganini ta’kidlamoqda. Talab taklifdan yuqori bo‘lib, Afrika, Turkiya va Yaqin Sharqdan kelayotgan xaridorlar Finlyandiya qoramollari uchun raqobatni yanada oshiryapti. Shu sababli mahalliy korxonalar qoramolni mamlakatda saqlab qolish uchun fermerlarga yuqori narx to‘lashga majbur bo‘lyapti.
Qimmatlashuv iste’molchilarga ham ta’sir qildi. Iyul–sentyabr oylari oralig‘ida chakana mol go‘shti narxlari taxminan 14 foizga oshdi. Hozirda bir kilogramm qiyma mol go‘shti 10–15 yevro atrofida sotilmoqda. Ayrim xaridorlar esa arzonroq bo‘lgan tovuq go‘shtiga o‘tishni boshlagan.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar mol go‘shti narxi kilogrammiga 20 yevroga yetsa, unga bo‘lgan talab keskin pasayishi mumkin. Bu holat esa kelgusida Finlyandiya chorvachilik sohasining zaiflashishi va mahsulotning asosan Yevropa bozorlariga yo‘naltirilishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.