
BMT Jahon oziq-ovqat dasturi Afg‘onistonda oziq-ovqat tanqisligi tobora og‘irlashib borayotganidan ogohlantirdi. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi sharoitda millionlab aholiga yetarli yordam ko‘rsatish imkoniyati cheklangan.
Qayd etilishicha, Tolibon harakati mamlakatda hokimiyatni qayta qo‘lga olganidan so‘ng Afg‘onistonga yo‘naltirilayotgan xalqaro moliyaviy va gumanitar yordam keskin qisqargan. Bunga qo‘shimcha ravishda, zilzilalar va boshqa tabiiy ofatlar mavjud inqirozni yanada chuqurlashtirgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, eng zaif qatlamga mansub 6 million nafar afg‘onistonlikni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun kamida 460 million dollar zarur. Hozirda esa mamlakat bo‘ylab 17 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 million nafarga oshgan.
Ayniqsa, bolalar orasidagi vaziyat tashvishli. Ma’lumotlarga ko‘ra, 3,7 million afg‘on bolasi to‘yib ovqatlanmayapti, shundan 1 million nafari og‘ir darajadagi ocharchilik holatida yashamoqda. Mutaxassislar ogohlantirishicha, zarur yordam yetib bormasa, bu holat uzoq muddatli sog‘liq muammolari va o‘lim holatlariga olib kelishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.