Qirg‘izistonda ikki farzandli kuryer onaga uy olib berildi (video)

Qirg‘izistonda ikki farzandli kuryer onaga uy olib berildi (video)

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda ikki farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan kuryer ayolning hikoyasi ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning og‘ir sharoitda ishlayotgani aks etgan video tarqalgach, odamlar oilaga yordam berish uchun pul yig‘ishni boshladi.

Qirg‘izistonning Kaktus.media nashri 27 oktyabr kuni xabar berishicha, Ajar ismli ayol kechqurunlari va dam olish kunlari buyurtmalarni yetkazib berib, farzandlarini ham o‘zi bilan olib yurishga majbur bo‘lgan. Chunki bolalarni qoldiradigan odami bo‘lmagan. Tarqalgan videoda uning qizlaridan biri elektr mopedda uxlab qolgani aks etgan.

Qora kiyimdagi kishi bolalar bilan moped yonida ko‘chada turibdi.

Ayolning o‘zi yordam so‘ramagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va faollar tashabbus ko‘rsatib, mablag‘ yig‘ishni boshladi. Dastlabki uch kun ichida uning hisob raqamiga qariyb 80 ming dollar kelib tushdi.

Keyinchalik yordam miqdori yanada oshdi. News.kg nashrining 28 oktyabrdagi xabariga ko‘ra, jami 130 ming dollar yig‘ilgan va bu mablag‘ning 102 ming dollariga Bishkekdan uch xonali kvartira sotib olingan. Qolgan pulni boshqa yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Shu tariqa, ko‘pchilikning birdamligi tufayli ona va uning ikki farzandi o‘z uyiga ega bo‘ldi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlardagi oddiy bir video ham odamlarni ezgu ish atrofida birlashtira olishini ko‘rsatdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar