
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy qarorgohi — Yelisey saroyida kutilmagan mojaro yuz berdi. Qarorgoh xodimlaridan biri qimmatbaho kumush va chinni idishlarni yashirincha olib chiqib, internet orqali sotganlikda gumonlanmoqda. O‘g‘irlangan buyumlar qiymati taxminan 40 ming yevroga baholangan. Uning ikki nafar sherigi ham qo‘lga olingan. Bu haqda Parij prokuraturasiga tayanib, The Guardian xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kolleksiyalarni saqlash uchun mas’ul bo‘lgan xodim uzoq vaqt davomida milliy meros sanalgan Sevra korxonasiga mansub nodir chinnilarni yashirincha chiqarib kelgan. Keyinchalik ushbu buyumlar onlayn platformalarda sotuvga qo‘yilgan.
Holat aynan Sevra mutaxassislari tomonidan fosh etilgan: ular internetda saroyga tegishli noyob idishlarni payqab qolishgan. Tintuv paytida gumonlanuvchilardan qariyb 100 ta buyum musodara qilinib, saroyga qaytarilgan. Ular orasida Baccarat kristalllari va Lalique ustaxonasi asarlari ham bor.
Ayblanuvchilarni 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi kutib turibdi. Sud majlisi 2026 yil 26 fevralga belgilangan.
Qizig‘i, bu Fransiya muzeylaridagi yagona yirik o‘g‘rilik emas. Yaqinda Luvr muzeyidan Napoleon va Jozefinaga tegishli qimmatbaho zargarlik buyumlari o‘g‘irlangan, zarar esa 88 million yevroga baholangan edi. Shu voqeadan keyin gumonlanuvchilarning bir qismi aeroportda hibsga olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.