Internetda boyligini ko‘rsatgan blogerning uyi o‘marildi

Internetda boyligini ko‘rsatgan blogerning uyi o‘marildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Hindistonda ijtimoiy tarmoqlarda boyligini namoyish qilgan Rachna Gurjar ismli inflyuyenserning uyiga o‘g‘rilar bostirib kirib, taxminan 8–10,5 ming dollarga teng zargarlik buyumlari va naqd pullarni o‘g‘irlab ketdi.
  • Noma’lum shaxslar tungi paytda Gurjar va uning oilasi uxlab yotgan uyiga to‘siqni kesib kirib, ularni bir xonaga qamab qo‘ygan.
  • Politsiya o‘g‘rilikni inflyuyenserning ijtimoiy tarmoqlardagi boyliklarini namoyish qiluvchi postlari bilan bog‘lamoqda.

Hindistonda ijtimoiy tarmoqlarda taqinchoqlari va qimmatbaho buyumlarini namoyish qilishni yaxshi ko‘radigan ayolning uyiga o‘g‘rilar tushdi. Hodisa oqibatida uning ko‘plab qimmatli buyumlari, jumladan, zargarlik taqinchoqlari va naqd pullari olib ketilgan.

Rachna Gurjar — YouTube va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda naqd pullari, tilla va zargarlik buyumlarini namoyish qilishi orqali mashhurlikka erishgan hindistonlik inflyuyenser. Yaqinda u uyiga bostirib kirgan o‘g‘rilar tufayli qimmatbaho taqinchoqlari va boshqa boyliklaridan ayrilgan.

Ma’lum qilinishicha, voqea tungi paytda, Gurjar va uning oila a’zolari Madhya-Pradesh shtatidagi Shivpuri tumanida joylashgan uyida uxlab yotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Bir guruh noma’lum shaxslar xonadon atrofidagi to‘siqni kesib, hovliga kirgan. Shundan so‘ng ular uy ichiga o‘tib, oila a’zolari uxlayotgan xonaning eshigini tashqaridan berkitib qo‘ygan.

Inflyuyenserning aytishicha, u va turmush o‘rtog‘i soat taxminan 04:00 da nimadir noto‘g‘ri ekanini sezgan. Ulardan biri uyg‘onib, xona eshigi yopiqligini payqagan. Eshikni ochishga urinishgan, ammo u qulflanganini ko‘rib, xavotirga tushishgan. Shundan keyin qo‘shni uyda yashaydigan qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, xonaning ichida qolib ketishganini bildirishgan.

Nihoyat, xonadan chiqishga muvaffaq bo‘lgan Rachna va uning turmush o‘rtog‘i uyda o‘g‘rilik sodir etilganini ko‘rgan. Saqlash joylari titkilangan, zargarlik buyumlari va naqd pullar yo‘qolgan. Hatto bir quti energetik ichimlik ham o‘g‘rilar tomonidan olib ketilgan.

Ayol tilla taqinchoqlarini ko‘rsatmoqda va narsalarini chamadonga joylamoqda.

Rachna Gurjarning ma’lum qilishicha, o‘g‘irlangan buyumlarning umumiy qiymati 8–10 lak rupiy, ya’ni taxminan 8–10,5 ming dollarni tashkil qilgan.

“Ular bizni xonaga qamab qo‘yishdi va keyin o‘g‘rilik qilishdi. Tilla, kumush taqinchoqlar, naqd pul va bir quti energetik ichimlikni olib ketishgan. Ularning umumiy qiymati taxminan 8–10 lak rupiy edi. Shuningdek, yuzlari kameraga tushmasligi uchun CCTV kameralarining yo‘nalishini ham o‘zgartirishgan. Ehtimol, buni lathi — bambuk tayoq yordamida amalga oshirishgan”, — dedi Gurjar.

Huquq-tartibot idoralari hodisa yuzasidan tergov boshlagan. Hozircha gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlanmagan.

Tergovchilarning asosiy yo‘nalishlaridan biri esa Rachna Gurjarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bilan bog‘liq. Inflyuyenser yaqinda o‘z uyi ichida videolar suratga olib, ularda zargarlik buyumlari va bir dasta naqd pullarni namoyish qilgan. Uning ijtimoiy tarmoqlarda qariyb 100 ming nafar kuzatuvchisi bor.

Politsiya taxminiga ko‘ra, aynan shu kabi post va videolar o‘g‘rilarning e’tiborini jalb qilgan hamda uning xonadoni nishonga olinishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda politsiya Rachnaning kuzatuv kameralariga tushgan niqobli shaxslarni aniqlashga harakat qilmoqda. Hodisa esa internet foydalanuvchilari o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda boylik, qimmatbaho buyumlar va uy-joy sharoitini namoyish qilish xavfsizligi haqida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar