Fransiyada evtanaziya rasman qonuniylashtirildi

Fransiyada evtanaziya rasman qonuniylashtirildi

Fransiyada tuzalmas va og‘ir kasalliklarga chalingan voyaga yetgan bemorlarga hayotdan ko‘z yumishda tibbiy yordam olish huquqini beruvchi qonun rasman kuchga kirdi. 14 avgust kuni Konstitutsiyaviy kengash hujjatni mamlakat Asosiy qonuniga muvofiq deb topdi.

Yangi tartib chidab bo‘lmas azob-uqubatlarga sabab bo‘layotgan og‘ir, tuzalmas xastalikka chalingan Fransiya fuqarolari va doimiy yashovchilarga tatbiq etiladi. Bemorning holati maxsus komissiya tomonidan baholanadi va yakuniy qaror shifokor xulosasi asosida qabul qilinadi.

Ijobiy qarordan so‘ng bemor kamida ikki kun kutishi va muolaja kuni o‘z qarorini yana bir bor tasdiqlashi kerak. U istalgan bosqichda undan voz kechishi mumkin. Odatda o‘limga olib keluvchi preparatni bemorning o‘zi qabul qiladi, biroq jismoniy holati bunga imkon bermasa, dori tibbiyot xodimi tomonidan yuborilishi mumkin.

Avval Fransiyada faol evtanaziyaga ruxsat berilmagan, faqat hayotni sun’iy ravishda ushlab turuvchi davolanishni to‘xtatish va o‘lim oldidan chuqur tinchlantirishga yo‘l qo‘yilgan. Endilikda mamlakat evtanaziya yoki tibbiy yordam orqali o‘limga ruxsat beruvchi davlatlar qatoriga qo‘shildi.

Prezident Emmanuel Makron qonunni uzoq davom etgan demokratik muhokamalarning natijasi deb atadi. Biroq ayrim tibbiyot va diniy tashkilotlar hujjatni tanqid qilib, undagi kafolatlar zaif bemorlarni yetarlicha himoya qilmasligi mumkinligini bildirdi.

Konstitutsiyaviy kengash qonunni kuchda qoldirgan, biroq ayrim normalarga aniqlik kiritgan. Jumladan, vijdonan rad etish huquqi shifokor va hamshiralardan tashqari farmatsevtlar hamda ayrim xususiy va diniy tibbiyot muassasalariga ham berildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar