
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan AQShning Palm-Bich shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Eron va Falastinning Hamas guruhi bo‘yicha muhim bayonotlar berdi. U Eron tomonidan yadroviy yoki raketa dasturlari qayta tiklanadigan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar yana harbiy zarba berishi mumkinligini ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, AQSh razvedkasi Eron yangi hududlarda harbiy obyektlar qurayotgan bo‘lishi mumkinligini kuzatmoqda. Shu bilan birga, u Eron bilan diplomatik muzokaralar imkoniyati hali saqlanib qolayotganini, biroq xavfsizlik masalalarida qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda G‘azo sektoridagi sulh kelishuvi ham muhokama qilindi. Tramp Hamasni qurolsizlanishga chaqirib, agar bu talab bajarilmasa, og‘ir oqibatlar bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Isroil tomoni esa Hamas qurolsizlanmasa, harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, tomonlar G‘azoda tinchlikni ta’minlash, xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish va mintaqadagi barqarorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar. Tramp AQSh Isroil xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlab, Yaqin Sharqda barqarorlikni ta’minlash asosiy maqsad ekanini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.