
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Habarovsk shahrida yuz bergan hodisa bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 2025 yil 12 dekabr kuni Rossiyaning Habarovsk shahrida Oʻzbekiston fuqarosi OMON xodimlari tomonidan kaltaklangani, reyd vaqtida kafeda bir guruh vatandoshlar shafqatsiz do‘pposlangani haqida xabarlar tarqaldi. Ularning ikki nafari komaga tushgani, keyinroq ulardan biri vafot etgani aytilmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi va ularga zarur konsullik hamda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, jasadni Oʻzbekistonga olib kelish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Holat yuzasidan Bosh konsulxona Habarovsk o‘lkasi prokuraturasi, tergov bo‘limi hamda Rossiya TIVning Habarovskdagi vakolatxonasiga murojaatnoma notalarini yuborib, vaziyatni har tomonlama, xolis va qonuniy tarzda tekshirishni so‘radi.
Hozircha fuqaroning o‘limi sabablari bo‘yicha rasman tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Vakolatli idoralardan aniq ma’lumotlar olingan sari qo‘shimcha tafsilotlar jamoatchilikka taqdim etilishi bildirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan ikkinchi fuqaro haqidagi ma’lumot esa hozircha tasdiqlanmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.