Hindistonda iflos suvdan 10 kishi vafot etdi

Hindistonning Indor shahrida ifloslangan ichimlik suvi sabab ichketish kasalligi keng tarqaldi. Ushbu holat oqibatida kamida 10 kishi vafot etdi, mingdan ortiq aholi tibbiy yordamga murojaat qildi. Indor shahri ilgari bir necha bor mamlakatning “eng toza shahri” deb e’tirof etilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik dekabr oyi oxiridan boshlab Bagiratpura tumanida kuzatilgan. Aholi qayt qilish va ichketish alomatlari bilan shifoxonalarga murojaat qilgan. Shahar rahbariyati hozircha o‘limlar soni bo‘yicha yakuniy ma’lumot berilmaganini, tekshiruvlar davom etayotganini bildirdi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ichimlik suvi quvurida yoriq aniqlangan va shu sabab suv ifloslangan. Laboratoriya tahlillari suv tarkibida zararli bakteriyalar borligini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, quvur joylashgan hududda sanitariya talablariga zid holatlar mavjud bo‘lgan.
Hozirda shahar shifoxonalarida yuzlab bemorlar davolanmoqda, ayrimlari og‘ir ahvolda. Rasmiylar aholiga faqat toza va xavfsiz suvdan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Hududni qo‘shimcha suv bilan ta’minlash va muammoni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!