Eronda norozilik namoyishlari fonida internet uzildi

Eronda mamlakat bo‘ylab davom etayotgan norozilik namoyishlari sababli hukumat internet va aloqa xizmatlariga cheklov kiritdi. Natijada mamlakat tashqi dunyo bilan aloqadan deyarli uzilib qoldi: telefon qo‘ng‘iroqlari ishlamayapti, mahalliy axborot saytlarining faoliyati cheklangan, ayrim xalqaro aviareyslar esa bekor qilingan.
Norozilik namoyishlari dastlab iqtisodiy muammolar, jumladan inflyatsiyaning oshishi va milliy valyuta qadrsizlanishi fonida boshlangan. So‘nggi paytlarda esa ayrim hududlarda namoyishlar siyosiy mazmun kasb etib, hukumatga qarshi shiorlar bilan davom etmoqda. Xabarlarga ko‘ra, turli shaharlarda yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida qurbonlar ham bor.
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy televideniye orqali murojaat qilib, tartibsizliklarda ishtirok etayotgan ayrim shaxslarni xorijiy kuchlar manfaatiga xizmat qilishda aybladi. Rasmiylar jamoat tartibini buzish va davlat mulkiga zarar yetkazishga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislar mamlakatdagi vaziyatni og‘ir iqtisodiy sharoit, xalqaro sanksiyalar va so‘nggi yillardagi tashqi bosimlar bilan bog‘lamoqda. Internet cheklovlari fonida vaziyatni mustaqil manbalar orqali baholash qiyinlashgan bo‘lsa-da, rasmiylar vaziyat ustidan nazorat saqlanayotganini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!