Makkada qirg‘izistonlik ziyoratchilar uchun bepul mehmonxona quriladi

Makka shahrida Qirg‘iziston fuqarolari uchun muhim va xayrli loyiha boshlandi. Qirg‘iz ziyoratchilari hamda talabalari bepul joylashishi mumkin bo‘lgan yangi mehmonxona qurilishiga start berildi. Bu haqda prezident administratsiyasining axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek O‘runbekov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda 24.kg nashri.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashabbus Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning bevosita ko‘magida amalga oshirilmoqda. Yangi bino Saudiya Arabistoniga safar qilgan qirg‘izistonliklar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular bu yerda haj va umra ziyoratlarini ado etishi, shuningdek, ta’lim olishi davomida mutlaqo bepul yashash imkoniga ega bo‘ladi.
Loyiha ijtimoiy ahamiyati bilan alohida e’tiborga loyiq. Ayni paytda qurilish ishlari qachon yakunlanishi, unga ajratiladigan mablag‘ miqdori va obyektni foydalanishga topshirish sanasi bo‘yicha aniq ma’lumotlar berilmagan. Ammo tashabbusning o‘ziyoq jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Qayd etish joiz, ayrim davlatlar va milliy diniy jamg‘armalar allaqachon o‘z ziyoratchilari uchun Makka va Madinada maxsus turar joylarga ega. Qirg‘iziston loyihasi noyob hisoblansa-da, u butunlay yangi tajriba emas. Bunday amaliyotlar bir qator musulmon mamlakatlarida yillar davomida qo‘llanib kelinmoqda.
Jumladan, Malayziyadagi Lembaga Tabung Haji tashkiloti Makka va Madinada o‘z mehmonxonalariga ega bo‘lib, ziyoratchilarni imtiyozli narxlar asosida joylashtiradi. Turkiyada esa diniy ishlar bo‘yicha davlat boshqarmasi — Diyanet o‘z binolari va uzoq muddatli ijaradagi obyektlar orqali ziyoratchilarni nisbatan arzon sharoitda qabul qiladi. Indoneziyada davlat haj missiyalari katta yotoqxonalar va uzoq muddatli shartnomalarga ega. Eronda ham vaqf binolari orqali ayrim ziyoratchilar bepul yoki juda arzon sharoitda joylashtiriladi.
Shu nuqtayi nazardan, Qirg‘iziston tashabbusi aynan to‘liq bepul yashash modeli bilan ajralib turadi. Bu esa uni dunyo miqyosida kam sonli, Markaziy Osiyoda esa ilk bunday loyihalardan biriga aylantiradi.
Qisqasi, Makkada boshlangan bu qurilish nafaqat infratuzilmaviy, balki ma’naviy ahamiyatga ham ega. U minglab qirg‘izistonlik ziyoratchilar uchun haj yo‘lini yengillashtiradigan, tarixiy qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!