Eron Rossiyaga milliardlab dollarlik raketalar yetkazgan — Bloomberg

Bloomberg agentligining 12 yanvar kuni xavfsizlik sohasidagi g‘arblik ekspertlarga tayangan holda xabar berishicha, Eron Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiyaga qariyb 3 milliard dollarlik raketa va boshqa harbiy uskunalar sotgan. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, Moskva bilan tuzilgan shartnomalar hajmi 2021-yil oktyabridan — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanishidan oldinoq — taxminan 2,7 milliard dollarga yetgan.
Manbalarga ko‘ra, xaridlar ro‘yxatiga Fath-360 turidagi qisqa masofali yuzlab ballistik raketalar, shuningdek, yana qariyb 500 ta boshqa qisqa masofali ballistik raketa hamda havo mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan 200 ga yaqin zenit raketalari kiritilgan.

Moskva va Tehron o‘rtasidagi harbiy yaqinlashuv 2022 yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumi ortidan keskinlashgan. Urush Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalarni keltirib chiqardi va bu jarayon Sovuq urush davridan beri Rossiya—G‘arb munosabatlaridagi eng jiddiy inqirozlardan biri sifatida baholanmoqda. Bloomberg ta’kidlashicha, aynan Eron qurollarining yetkazib berilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlagan.
G‘arblik ekspertlar ma’lum qilishicha, Eron Rossiyaga millionlab patronlar hamda artilleriya snaryadlarini ham yetkazib bergan. Shu bilan birga, bu raqamlar barcha xaridlarni qamrab olmasligi, kelgusida qo‘shimcha yetkazib berishlar bo‘lishi mumkinligi ham qayd etilmoqda.
Bundan tashqari, Tehron Rossiyaga Shahed-136 zarbali uchuvchisiz apparatlarini, shuningdek, ularni Rossiya hududida “Geran-2” nomi ostida ishlab chiqarish imkonini beruvchi texnologiyalarni ham taqdim etgan. Bu hamkorlik 2023 yil boshida imzolangan 1,75 milliard dollarlik shartnoma doirasida amalga oshirilgan.

Manbalar bahosiga ko‘ra, umumiy hisobda Rossiya 2021 yil oxiridan buyon Eron harbiy mahsulotlarini xarid qilish uchun 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Ta’kidlanishicha, Moskva va Tehron o‘rtasidagi yaqinlik 2010-yillardanoq, G‘arb sanksiyalari va Eron yadroviy dasturi atrofidagi bosimlar fonida shakllana boshlagan.
2025 yil yanvar oyida ikki davlat strategik sheriklik to‘g‘risida kelishuv imzolagan, ammo unda o‘zaro mudofaa majburiyatlari nazarda tutilmagan. Shu bilan birga, manbalarga ko‘ra, Rossiya o‘tgan yili Eron hududiga berilgan Isroil va AQSH zarbalari paytida Tehronga jiddiy yordam ko‘rsatmagan.
Ayni damda esa Moskva va Tehron Eron orqali Hindistongacha bo‘lgan savdo yo‘lagini rivojlantirish, shuningdek, sanksiyalar ta’sirini yumshatish uchun moliya va bank sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda. Bloomberg so‘rovlariga Rossiya Mudofaa vazirligi ham, Eron Tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy javob bermagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!