date

Abu-Dabida Rossiya Ukraina AQSH muzokaralari umid uyg‘otdi

Abu-Dabida Rossiya Ukraina AQSH muzokaralari umid uyg‘otdi

AQSHning Axios nashriga nomlari oshkor etilmagan rasmiy manbalarga tayanib xabar qilishicha, Abu-Dabida AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokida o‘tgan uch tomonlama muzokaralar kutilganidan ancha samarali o‘tgan va tomonlar o‘rtasida ma’lum ilgarilash qayd etilgan. Manbalarga ko‘ra, uchrashuvlar chog‘ida ochiq muloqot muhiti shakllangan va hech bir tomon muhim mavzulardan chetlab o‘tishga urinmagan.

Axios yozishicha, AQSH delegatsiyasi vakillari, jumladan, Kushner va Uitkoff Rossiya va Ukraina ishchi guruhlari uchrashuv o‘tkazayotgan xonalar o‘rtasida faol harakatlanib, muloqotni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangan. Bu esa muzokaralarni yanada jonli va mazmunli kechishiga xizmat qilgan.

Nashr AQSH rasmiylaridan biriga tayanib, muzokaralarda barcha asosiy masalalar muhokama qilinganini ta’kidlaydi. Xususan, Donbass bo‘yicha Rossiyaning hududiy da’volari, Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofidagi nizo, shuningdek, urush yakunlanganidan so‘ng uning qayta avj olmasligi uchun qanday kafolatlar zarurligi haqida fikr almashilgan. Manbaning aytishicha, hech qanday masala bo‘yicha majburlash yoki bosim bo‘lmagan, tomonlar o‘zaro hurmat ruhida yechim izlashga harakat qilgan.

Ikki kun davom etgan muzokaralarning ikkinchi kuni yakunida uch delegatsiya bir dasturxon atrofida yig‘ilib, birgalikda tushlik qilgan. AQSH rasmiylaridan biri bu holatni “hatto qisqa fursatga bo‘lsa-da, hamma deyarli do‘stdek tuyuldi” deb ta’riflab, uchrashuv unda umid hissini uyg‘otganini aytgan.

Yana bir amerikalik manba esa umumiy kayfiyatdan mamnun ekanini bildirib, muzokaralar imkoni boricha ijobiy ruhda o‘tganini ta’kidlagan. AQSH rasmiylariga ko‘ra, Abu-Dabidagi uchrashuv tinchlikka qaratilgan muzokaralar zanjirida muhim bosqich bo‘lib, keyingi qadamlarga yo‘l ochadi.

Axios xabarida qayd etilishicha, Vashington doiralarida Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bevosita uchrashuv o‘tkazish ehtimoli juda yaqin deb baholanmoqda. Agar Abu-Dabidagi navbatdagi uch tomonlama muzokaralarda yanada aniq kelishuvlarga erishilsa, keyingi bosqich Moskva yoki Kiyevda davom etishi mumkin.

Qisqasi, Abu-Dabidagi muloqotlar katta qarorlarsiz o‘tgan bo‘lsa-da, tomonlar o‘rtasida ishonch va muloqot uchun yangi eshiklar ochilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bu esa yaqin kelajakda tinchlik sari navbatdagi qadamlar qo‘yilishi mumkinligidan dalolat beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Abu-Dabida Rossiya Ukraina AQSH muzokaralari umid uyg‘otdi