Tramp Janubiy Koreya tovarlariga bojni 25 foizga oshiradigan bo‘ldi

Donald Tramp Truth Social’dagi sahifasida Janubiy Koreyani o‘tgan yili erishilgan savdo kelishuviga rioya qilmayotganlikda aybladi. U keng turdagi mahsulotlarga, jumladan avtomobillar, yog‘och materiallari va farmatsevtika mahsulotlariga nisbatan amaldagi 15 foizlik boj stavkalari 25 foizga oshirilishini ma’lum qildi.
Trampning ta’kidlashicha, Seul kelishuvni tasdiqlash jarayonida sustkashlik qilmoqda, holbuki AQSh kelishilgan bitim doirasida o‘z tariflarini qisqartirish bo‘yicha tezroq qadam tashlagan. Shu fon’da boj stavkalarini oshirish qarori kelishuv majburiyatlari bajarilmayotgani bilan izohlangan.
Janubiy Koreya tomoni esa bu qaror yuzasidan rasmiy bildirishnoma olmaganini bildirgan va masalani Vashington bilan zudlik bilan muhokama qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Eslatib o‘tilishicha, tomonlar o‘tgan yil oktyabrida kelishuvga erishgan bo‘lib, unda Janubiy Koreyaning AQSh iqtisodiyotiga 350 milliard dollar sarmoya kiritishi, mablag‘ning bir qismini kemasozlik sohasiga yo‘naltirishi ko‘zda tutilgan; hujjat hozir Janubiy Koreya Milliy assambleyasida ko‘rib chiqilmoqda va mahalliy OAVga ko‘ra, u fevral oyida tasdiqlanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!