Shimoliy Koreyada “Kalmar o‘yini”ni ko‘rganlar qattiq jazolanmoqda

Shimoliy Koreyada Janubiy Koreya seriallarini tomosha qilish yoki K-pop tinglash oddiy “ko‘ngilochar” emas — u yerda bu ish uchun og‘ir jazolar qo‘llanishi mumkin. Guvohlar ma’lumotlariga tayangan Amnesty International’ga ko‘ra, bunday holatlarda maktab o‘quvchilari ham mehnat lagerlariga jo‘natish, ommaviy tahqirlash, hatto qatlga qadar borgan voqealar qayd etilgan.
Ma’lumotlarda aytilishicha, “Quyosh avlodlari”, “Kalmar o‘yini” kabi mashhur dramalarni ko‘rish yoki K-pop qo‘shiqlarini tinglash “jinoyat” sifatida baholanishi ehtimol. Eng og‘iri — jazo ko‘pincha pul va tanish-bilishga bog‘liq ekani ta’kidlanadi: imkoniyati borlar pora bilan yengilroq chiqib ketsa, imkoniyati cheklanganlar qattiqroq oqibatlarga duch keladi.
Amnesty International vakili Sara Bruks bu holatni “korrupsiya bilan qorishgan repressiya” deb atab, axborotga kirish cheklanishi va jazolash amaliyoti eng avvalo puli yo‘qlarni hayotini izdan chiqarayotganini aytgan.
Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan yangi kontent Shimoliy Koreyaga avvalgidan tezroq kirib borayotgani ham vaziyatni keskinlashtirgan. Ayrim qochoqlar Yanggang provinsiyasida “Kalmar o‘yini”ni ko‘rgan yuqori sinf o‘quvchilari haqida og‘ir ma’lumotlar aytgan.
Amnesty 2025 yilda Shimoliy Koreyadan qochib chiqqan 25 nafar shaxs bilan suhbat o‘tkazganini, ishtirokchilarning katta qismi 2019–2020 yillarda mamlakatni tark etganini qayd etgan. COVID-19 sabab chegaralar yopilganidan keyin qochish holatlari keskin kamaygani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!