Rossiyada terrorchilik rejasida gumon qilingan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi

Rossiyada terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi O‘tkirov Javohir Davronovichga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. U Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2023 yil yanvar oyida Rossiyada taqiqlangan “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti manfaatlari yo‘lida harakat qilishga tayyorligini bildirgan videomurojaat yozib olgan. Keyinchalik tashkilot ko‘rsatmalari asosida ehtimoliy hujum uchun joy tanlash, razvedka qilish va portlovchi qurilma tayyorlashga doir vazifalarni zimmasiga olgani aytiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2023 yil sentyabr oyida Rossiyaga borib, Stavropol shahridagi ayrim obyektlar bo‘yicha foto va video materiallar tayyorlab, ularni tashkilot vakillariga yuborgan. Dekabr oyida esa portlovchi moslama uchun butlovchi qismlar xarid qilgani qayd etilgan.
Ayblanuvchi 2023 yil 18 dekabr kuni qo‘lga olingan. Sud qaroriga ko‘ra, u 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi: jazoning dastlabki 5 yili turmada, qolgan qismi esa qat’iy tartibli koloniyada o‘taladi. Shuningdek, 1 million rubl jarima ham belgilangan. Hukm hozircha qonuniy kuchga kirmagan va apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!