Sakkiz davlatda 89 qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxs ushlandi

Fransiyada sakkiz mamlakat hududida 89 nafar voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda gumonlanayotgan erkakka nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Le Figaro nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u qariyb 50 yildan ortiq vaqt davomida — 1967 yildan 2022 yilgacha — jinsiy jinoyatlar sodir etgan. Gumonlanuvchi Fransiya, Jazoir, Shveysariya, Germaniya, Niger hamda yana bir qator davlatlarda yashab, o‘qituvchi yoki yoshlar oromgohlari rahbari sifatida vaqtinchalik ishlarda faoliyat yuritgan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ish yuzasidan tergov 2024 yil yanvar oyida Grenobl shahrida boshlangan. Tergov davomida 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlardan iborat jabrlanuvchilar ro‘yxati shakllantirilgan.
Hozirda ishda 89 nafar jabrlanuvchi qayd etilgan bo‘lib, ularning taxminan 40 nafari aniqlangan. Qurbonlarning ko‘pchiligi shikoyat bilan murojaat qilgan, biroq hozircha hech biri rasman da’vogar sifatida chiqmagan.
Prokuratura ro‘yxat to‘liq emasligi mumkinligini bildirib, jabrlanuvchilar soni yanada ko‘proq bo‘lishi ehtimolini istisno etmadi. Tergov rahbari Manto jabrlanuvchilarni imkoni boricha tezroq guvohlik berishga chaqirgan.
Shu bilan birga, prokuror 1993 yilgacha sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddati o‘tib ketganini eslatdi. Biroq jabrlanuvchilar tergovga voqealarni aniqlash va umumiy manzarani tiklash uchun ma’lumot berishlari muhim ekanini ta’kidladi.
Tergov jarayonida ushbu shaxsga nisbatan yana ikki nafar inson o‘limi bilan bog‘liq holatlar ham o‘rganilmoqda. U 1974 yilda saraton kasalligiga chalingan onasini, 1992 yilda esa 90 yoshli ammasini yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirganini tan olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!