Qozog‘istonlik ayollarni haqorat qilgan blogerlar 15 sutkaga qamaldi.

Olmaotada jonli efir paytida qozog‘istonlik ayollar haqida haqoratli so‘zlar ishlatgan ikki nafar rossiyalik bloger 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Hodisa jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi va “kontent” deb aytilgan gap katta mojaroga aylandi.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, bu holat yuzasidan “mayda bezorilik” bo‘yicha chora ko‘rilgan. Shu bilan birga, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 174-moddasi — millatlararo nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish alomatlari bo‘yicha ham tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mahalliy OAVga ko‘ra, gap Rinat Pashaev va Anar Abdullaev haqida ketmoqda. Ular keyinchalik xatosini tan olib, jamoatchilikdan uzr so‘ragan. Ammo sud qarorga kelib bo‘lgan: Olmaota ixtisoslashtirilgan ma’muriy sudi ularga 15 sutkalik qamoq jazosini tayinladi.
Voqea yana bir narsani eslatdi: kamera oldida aytilgan har bir so‘z ham “shunchaki hazil” bo‘lib qolmaydi. Ayniqsa, u boshqalarning qadr-qimmatiga tegsa.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!