Buyuk Britaniyada shahzoda Endryu hibsga olindi — BBC xabar berdi

Bugun, 19 fevral kuni Buyuk Britaniya politsiyasi qirol Charlz III ning ukasi — shahzoda Endryuni marhum moliyachi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq aloqalari sabab hibsga oldi. Bu haqda BBC xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, shahzoda davlat lavozimida faoliyat yuritgan davrida bir qator noto‘g‘ri xatti-harakatlarni sodir etgan bo‘lishi mumkin, degan gumonlar asosida tergov harakatlari boshlangan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Angliyaning sharqiy qismida joylashgan Wood Farm hududiga oltita politsiya mashinasi va fuqarolik kiyimidagi sakkiz nafar xodim yetib kelgan.
Rasmiy manbalar bildirishicha, AQSH hukumati tomonidan yaqinda e’lon qilingan hujjatlarda shahzoda Endryu marhum Epshteynga maxfiy davlat hujjatlarini yetkazib bergan bo‘lishi mumkinligi haqida da’volar mavjud. Ayni paytda ushbu ma’lumotlar batafsil o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, marhuma qirolicha Yelizaveta II ning ikkinchi o‘g‘li bo‘lgan shahzoda Endryu Epshteyn bilan bog‘liq har qanday qonunbuzarliklarda ishtirok etganini rad etib keladi. U avvalroq Epshteyn bilan do‘st bo‘lganidan afsus bildirgan, biroq so‘nggi hujjatlar e’lon qilinganidan keyin bu masala yuzasidan hech qanday izoh bermagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!