Donald Tramp Eronning so'zsiz taslim bo'lishini talab qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron masalasida o'zining qat'iy pozitsiyasini ma'lum qildi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Tehron bilan hech qanday muzokara yoki kelishuv bo'lmasligini, mamlakat faqat so'zsiz taslim bo'lishi kerakligini ta'kidladi. Trampning so'zlariga ko'ra, shundan keyingina Eron uchun maqbul rahbar tanlanadi va mamlakat iqtisodiy jihatdan qayta tiklanadi.
“Eronni iqtisodiy jihatdan har qachongidan kattaroq, yaxshiroq va kuchliroq qilib, uni inqiroz yoqasidan qaytaramiz. Eronning kelajagi buyuk. Eronni yana buyuk qilamiz”, deb ta’kidladi u.
Vaziyat 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlashi ortidan keskinlashdi. Bunga javoban Eron tomoni ham Yaqin Sharqdagi Amerika obyektlari hamda Isroil hududiga zarbalar yo'lladi. Tomonlar o'rtasidagi ziddiyatlar mintaqada xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlarni kuchaytirmoqda.
4 mart kuni Pentagon rahbari Pit Xegset harbiy operatsiyaning yangi bosqichiga o'tilayotganini e'lon qildi. Uning qayd etishicha, Amerika kuchlari Eron hududining yanada ichkarisiga zarba berishni rejalashtirmoqda. Ushbu harbiy harakatlar sakkiz haftagacha davom etishi mumkinligi aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!