date

Dunyoda ilk bor mina aniqlovchi kalamush sharafiga haykal ochildi

Dunyoda ilk bor mina aniqlovchi kalamush sharafiga haykal ochildi

Kambodjada birinchilikka erishgan va qahramonlik uchun oltin medal bilan taqdirlangan mashhur mina aniqlovchi kalamush Magava sharafiga haykal ochildi. Bu haqida BBC xabar berdi.

“Magava” laqabli bu kalamush sakkiz yil umr ko‘rdi. 2016 yildan boshlab besh yil davomida Kambodjada 100 dan ortiq minalar va portlovchi qurilmalarni topishda ishtirok etdi. Uning sharafiga mahalliy toshdan yasalgan haykal qurildi va 4 aprel — Xalqaro minaga qarshi kurash kuni arafasida rasmiy ochildi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Kambodjada minalar hanuz jiddiy xavf yaratadi. Bir milliondan ortiq odam portlamagan minalar mavjud hududlarda yashash va ishlashda davom etmoqda.

Magava Belgiya Apopo xayriya tashkiloti tomonidan tayyorlanib, 2016 yilda Kambodjaga olib kelindi va mina qidirish ishlariga jalb qilindi. U o‘tkir hid his qilish qobiliyati orqali kimyoviy moddalarni aniqlab, topilgan minalar haqida mutaxassislarga signal berdi. Keyin ular xavfsiz tarzda yo‘q qilindi.

Faoliyati davomida Magava 141 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni tozaladi — bu taxminan 20 ta futbol maydoniga teng. U tennis korti hajmidan katta maydonni atigi 20 daqiqada tekshira olgan. 2020 yilda u “inson hayotini saqlashdagi sadoqati” uchun hayvonlarga berilgan PDSA oltin medali bilan taqdirlandi va shu bilan birga ushbu mukofotni olgan birinchi kalamush bo‘ldi.

Qarilik va harakatining sekinlashuvi sabab, qisqa muddat “nafaqaga chiqqan” Magava 2022 yilda vafot etdi. Apopo tashkilotining Kambodjadagi dastur menejeri Maykl Reynning aytishicha, Magava haykali “xalqaro hamjamiyatga bu yerda hali bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar borligini eslatib turadi”.

Kambodja hukumatı 2030 yilga qadar minalarsiz mamlakatga aylanishni maqsad qilgan. Apopo esa 1990-yillardan “HeroRAT” nomli maxsus kalamushlarni tayyorlab kelmoqda. Ularning kichik vazni minalarni portlatmaydi va shu bilan insonlar uchun xavfsizlikni ta’minlaydi.

“Bular hatto laboratoriyadagi an’anaviy usullarga qaraganda sil kasalligini tezroq aniqlay oladi”, dedi Apopo. Shuningdek, bunday kalamushlar Tanzaniyada yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi ham qo‘llanadi.

Apopo tomonidan tayyorlangan yana bir kalamush — Ronin, 2021 yildan beri 109 ta mina va 15 ta portlamagan o‘q-dorini topib, 2025 yilda yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Uning Preah Vihear provinsiyasidagi natijalari Magavaning rekordidan ham oshdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Dunyoda ilk bor mina aniqlovchi kalamush sharafiga haykal ochildi