Abituriyentlar diqqatiga: test sinovlari boshlanadigan sana ma’lum qilindi

2026–2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan sanalar rasman e’lon qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlari 14 iyuldan 23 iyulga qadar o‘tkaziladi. Imtihonlar 10 kun davomida har kuni ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi.
Agentlik abituriyentlarga test o‘tkaziladigan manzilga belgilangan vaqtdan kamida 1,5 soat avval yetib kelishni tavsiya qildi.
Shuningdek, barcha ishtirokchilar «Abituriyent ruxsatnomasi»ni my.uzbmb.uz portali orqali yuklab olib, chop etgan holda olib kelishi lozimligi eslatildi.
Test sinovlariga kirish uchun abituriyentlardan pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma talab etiladi. Pasportning nusxasi bilan kelgan yoki belgilangan vaqtdan kechikkan fuqarolar imtihon jarayoniga qo‘yilmaydi.
Mutasaddilar abituriyentlarga hujjatlarini oldindan tayyorlab qo‘yish va belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilishni tavsiya etmoqda.






























Izohlar 0
…