Bangkokdagi fojiali yong‘in bar ichidagilarni tiriklayin qamab qo‘ydi

Tailand poytaxti Bangkokda sodir bo‘lgan dahshatli yong‘in mamlakatni larzaga soldi. Avvalroq barda chiqqan yong‘in oqibatida 27 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Endi esa rasmiylar qurbonlarning shaxsini aniqlash ishlarini davom ettirayotgani hamda fojia yuzasidan barcha holatlar atroflicha o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlarning 9 nafari erkak, 18 nafari esa ayollardir. Yong‘in oqibatida jarohat olgan yana 22 nafar fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, shifokorlar ularning hayotini saqlab qolish uchun zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.
Guvohlarning aytishicha, yong‘in dastlab binoga kirish qismida boshlangan. Oradan qisqa vaqt o‘tib, alanga butun zal bo‘ylab tez tarqalgan. Shu vaqtda ichkarida bo‘lgan odamlar chiqish yo‘lini topishga uringan, binodan qichqiriqlar va yordam chaqiriqlari eshitilgan. Ko‘p o‘tmay bar ichida vahima boshlangan va odamlar o‘zini qutqarish uchun turli tomonga yugurgan.
Hodisa joyida o‘tkazilgan dastlabki ko‘zdan kechirish ishlari davomida bino ichida kuyib ketgan televizorlar, ovoz kuchaytirgich karnaylar, elektr gitarasi hamda boshqa musiqa jihozlari aniqlangan. Shuningdek, derazalarning singani, stol-stullar va ichki jihozlar yong‘in oqibatida qattiq zarar ko‘rgani qayd etilgan.

Fojiadan so‘ng halok bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlari politsiya morgi oldiga yig‘ilib, jasadlarni tanib olish jarayonida ishtirok etmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati 25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan Tailand fuqarolaridir.
Ayni paytda hukumat idoralari xorijliklar orasida ham jabrlanganlar bor-yo‘qligini aniqlash ishlarini olib bormoqda. Xususan, Avstraliya hukumati Tailand rasmiylari bilan hamkorlikda ushbu fojiada mamlakat fuqarolari jabrlangan yoki halok bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirish ishlarini davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Tergov organlari yong‘inning kelib chiqish sababi va barda xavfsizlik talablariga qay darajada rioya qilinganini o‘rganishni davom ettirmoqda.






























Izohlar 0
…