Issiqda olti farzandini mashinada tashlab ketgan ota-ona ushlandi

AQSHning Kanzas shtatida er-xotin olti nafar farzandini jazirama issiqda avtomobil ichida qoldirib, o‘zlari Wingstop tez tayyorlanadigan ovqatlanish shoxobchasida ovqatlangani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ma’lum qilinishicha, 53 yoshli Maykl Kryuger va 40 yoshli Tiffani Kryuger Salina shahridagi restoran ichida taxminan 20–30 daqiqa bo‘lgan. Shu vaqt mobaynida konditsioneri ishlamagan, faqat bitta oynasi qisman ochiq avtomobilda ikki nafar 7 oylik chaqaloq, 2, 4, 5 va 13 yoshli bolalar qoldirilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan kuni shaharda havo harorati deyarli 40 darajaga yetgan, issiqlik indeksi esa 100 darajadan oshgan. Xabar kelib tushgach, politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari voqea joyiga yetib kelib, bolalarning ahvolini tekshirgan. Ulardan birortasida issiq urishi aniqlangani haqida ma’lumot berilmagan. Keyinchalik barcha bolalar vaqtincha davlat himoyasiga olingan.

Salina yong‘in xizmati vakili Ched Skovill bolalar tanasi kattalarnikiga nisbatan uch-besh baravar tez qizishini ta’kidlab, hatto bir necha daqiqaga bo‘lsa ham bolalarni yopiq avtomobil ichida qarovsiz qoldirmaslik kerakligini aytdi.
Shuningdek, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) ham avtomobil oynasini qisman ochiq qoldirish bolalarni issiqdan himoya qilish uchun yetarli emasligini eslatgan.
Hozirda Maykl va Tiffani Kryugerning har biriga nisbatan olti bolani xavf ostida qoldirish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.






























Izohlar 0
…