Starmer Tramp va Putinni tanqid qildi

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer AQSH va Rossiya yetakchilari — Donald Tramp hamda Vladimir Putinga nisbatan keskin fikrlar bildirdi. U bu haqda ITV News telekanaliga bergan intervyusida so‘z yuritdi.
Siyosatchining ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi mojarolar sabab yuzaga kelgan energetik inqiroz, shuningdek, Ukrainadagi urush ortidan energiya resurslari narxining keskin o‘zgarishi Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
Starmerning aytishicha, oddiy fuqarolar va tadbirkorlar uchun elektr energiyasi narxlarining doimiy ravishda o‘zgarib turishi jiddiy muammoga aylangan. “Butun mamlakat bo‘ylab oilalar va biznes vakillari uchun to‘lovlar ba’zan oshib, ba’zan pasayib ketayotgani — va bularning Vladimir Putin yoki Donald Trampning global miqyosdagi harakatlari bilan bog‘liq ekani rostakamiga jonimga tegdi”, deya ta’kidladi u.
Shu bilan birga, Bosh vazir Donald Trampning joriy yil 7 aprel kuni aytgan “butun boshli sivilizatsiya halok bo‘lishi mumkin” degan fikriga izoh berishdan tiyildi. U bunday keskin iboralarni ishlatmasligini bildirib, o‘z faoliyatida har doim Britaniya qadriyatlariga amal qilishini urg‘uladi.
Rasmiy London rahbarining ushbu bayonoti xalqaro siyosiy maydonda yana bir bor keskin munozaralarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!