Eron besh arab davlatidan katta kompensatsiya so‘ramoqda

Eron hukumati mintaqadagi keskin vaziyat fonida yana bir muhim bayonot bilan chiqdi. Tehron rasmiylari Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat yo‘llab, AQSH va Isroil harbiy amaliyotlaridagi ehtimoliy ishtirok uchun besh arab davlatidan kompensatsiya talab qilayotganini ma’lum qildi.
Mazkur murojaat Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravaniy tomonidan BMT Bosh kotibi hamda Xavfsizlik kengashi raisiga yo‘llangan. Hujjatda Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya javobgarlikka tortilishi lozimligi qayd etilgan.
Tehronning da’vo qilishicha, ushbu mamlakatlar o‘z hududlaridan foydalanishga ruxsat berish orqali Eronga qarshi harbiy harakatlarga bilvosita yordam ko‘rsatgan. Ayrim holatlarda esa ular noqonuniy qurolli hujumlarda, jumladan tinch aholiga oid obyektlarga zarba berishda ishtirok etgani aytilmoqda. Shu sababli Eron bu harakatlarni xalqaro huquq nuqtayi nazaridan “agressiya” sifatida baholab, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun to‘liq tovon puli talab qilmoqda.
Biroq tilga olingan Fors ko‘rfazi davlatlari va Iordaniya ushbu ayblovlarni keskin rad etmoqda. Ular o‘z bayonotlarida AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyalarida ishtirok etmaganini ta’kidlab, bu da’volar asossiz ekanini bildirgan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu vaziyat mintaqadagi siyosiy keskinlikni yanada kuchaytirishi va xalqaro munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!