Taker Karlson bayonoti shov-shuv qildi: AQSH siyosatini kim boshqaradi?

Amerikalik taniqli jurnalist Taker Karlson navbatdagi chiqishida AQSH tashqi siyosatiga oid keskin va bahsli fikrlarni ilgari surib, jamoatchilik e’tiborini yana bir bor o‘ziga qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, 1963 yil — AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedi o‘ldirilgan davrdan buyon mamlakat rahbariyati mustaqil qaror qabul qilishda cheklangan bo‘lishi mumkin. Karlson fikriga ko‘ra, shundan beri deyarli barcha prezidentlar tashqi siyosiy masalalarda muayyan ta’sirlar ostida harakat qilgan.
Jurnalistning bildirishicha, bu holat ayniqsa Isroil bilan munosabatlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning fikricha, AQSH rahbarlari ko‘p hollarda aynan ushbu davlat manfaatlariga mos qarorlar qabul qilib kelgan va bu siyosat bugungi kunda mamlakat uchun jiddiy iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelmoqda.
Karlson shuningdek, muammoni faqat muayyan bir shaxs yoki prezident bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanini ham ta’kidladi. “Bu yerda gap faqat Donald Tramp haqida emas. Masala ancha chuqurroq — 9 million aholiga ega davlat qanday qilib 365 millionlik mamlakat siyosiy yo‘nalishiga ta’sir o‘tkaza oladi? Bu qanday tizim?” — deya savol qo‘ydi u.
Uning aytishicha, aynan shu mexanizmning qanday ishlashi hozircha ochiq va aniq javobga ega emas. Jurnalist bu masalaga chuqurroq yondashish va uni tahlil qilish zarurligini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!