Asr oxirida Yevropa aholisi keskin kamayib ketadimi?

Yevropa statistika boshqarmasi (Eurostat) ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi aholisi 2025–2100 yillar oralig‘ida sezilarli kamayishga yuz tutishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, bu davrda aholi soni 53 million kishiga, ya’ni 11,7 foizga qisqaradi.
Prognozlarga muvofiq, 2029 yilga borib YEI aholisi 453,3 million nafarga yetishi mumkin. Biroq keyingi o‘n yilliklarda bu ko‘rsatkich asta-sekin pasayib, 2100 yilga kelib 398,8 million nafarga tushishi kutilmoqda.
Demografik tarkibda ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatiladi. 19 yoshgacha bo‘lganlar ulushi 20 foizdan 17 foizgacha kamayadi. Mehnatga layoqatli 64 yoshgacha bo‘lgan aholi ulushi esa 58 foizdan 50 foizga tushishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, qariyalar soni ortishi kutilmoqda: 65–79 yoshdagilar ulushi 16 foizdan 17 foizga, 80 yosh va undan kattalar esa 6 foizdan 16 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.
Hozirgi kunda Yevropa demografik piramidasi yuqori umr ko‘rish davomiyligi, past tug‘ilish va past o‘lim ko‘rsatkichlari bilan xarakterlanmoqda. Aholining asosiy qismi esa katta yoshdagi mehnatga layoqatli qatlam hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!