Tramp maʼmuriyati NATOga aʼzo davlatlarni «yaxshi» va «yomon»ga ajratmoqda

Donald Trump ma'muriyati NATOga a'zo davlatlarni Erondagi ehtimoliy urushga munosabati va alyansga qo'shgan hissasi bo'yicha uchta toifaga ajratuvchi maxsus tahliliy hujjat tayyorladi. Politico nashrining xabar berishicha, ushbu "reyting" AQSHning ittifoqchilarga bosimini kuchaytirish va hatto ayrim mamlakatlardan o'z qo'shinlarini olib chiqish rejasidan darak berishi mumkin. Oq uy ma'lumotni bilvosita tasdiqlab, ayrim davlatlarning Eron masalasidagi sustkashligini "adolatsiz muvozanat" deb baholadi. Ekspertlar bunday "ajratish siyosati" alyans ichidagi o'zaro ishonchga putur yetkazishi va NATO birligini jiddiy sinovdan o'tkazishidan xavotirda ekanliklarini bildirishmoqda.

AQShda yana bir bahslarga sabab boʻlayotgan hujjat atrofida shov-shuv koʻtarildi. Maʼlum boʻlishicha, Donald Tramp maʼmuriyati NATOga aʼzo davlatlarni Erondagi ehtimoliy urushga boʻlgan munosabatiga qarab guruhlarga ajratuvchi maxsus tahlil tayyorlagan.
Donald Tramp rahbarligidagi maʼmuriyat tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjatda har bir ittifoqchi davlatning alyansga qoʻshgan hissasi, harbiy va siyosiy pozitsiyasi atroflicha baholangan. Natijada mamlakatlar shartli ravishda uch toifaga boʻlingani aytilmoqda. Biroq qaysi davlat qaysi guruhga kiritilgani ochiqlanmagan.
Bu maʼlumotni Politico nashri bir nechta yevropalik diplomatlar va AQSH harbiy doirasidagi manbalarga tayanib eʼlon qildi. Manbalarning taʼkidlashicha, hujjat Mark Ryuttening Vashingtonga amalga oshirgan tashrifi oldidan tayyorlangan.
Kuzatuvchilar fikricha, bu kabi “reytinglash” Trampning alyans ichidagi bosim siyosatini kuchaytirishga urinayotganidan darak beradi. Ayniqsa, AQSH pozitsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlamayotgan davlatlarga nisbatan munosabat keskinlashishi mumkin.
Shu bilan birga, diplomatik manbalar hujjatda “yomon” deb baholangan davlatlarga nisbatan aniq chora-tadbirlar rejasi yoʻqligini ham qayd etgan. Ayrim ekspertlar esa eng keskin ssenariy sifatida AQSH qoʻshinlarini maʼlum davlatlardan olib chiqish varianti tilga olinayotganini bildirmoqda. Biroq bu qarorning oʻzi Vashington uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlanmoqda.
Oq uy vakillari bu kabi hujjat mavjudligini bilvosita tasdiqlab, AQSH oʻz ittifoqchilariga doim yordam berishga tayyor ekanini, ammo ayrim davlatlar Eron masalasida qoʻllab-quvvatlamaganini ochiq aytdi. Ularning soʻzlariga koʻra, bu holat “adolatsiz muvozanat” sifatida baholanmoqda.
NATO esa mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh berishdan tiyildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi hujjatlar alyans ichidagi ishonchga taʼsir qilishi va kelajakdagi hamkorlik formatlariga jiddiy savollar tugʻdirishi mumkin. Ayniqsa, geosiyosiy vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda bunday “ajratish siyosati” NATO birligi uchun sinov boʻlishi ehtimoldan xoli emas.






























Izohlar 0
…